Yangi Toshkent aeroporti hududida yangi qurilish ishlari cheklanadi
Bu ushbu hududdagi mavjud mulklar qiymati asossiz oshishining oldini olish maqsadida qilinmoqda
Toshkent viloyatida yangi aeroport quriladigan hududda yangi loyihalar va qurilish ishlari cheklanadi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati kadastr boshqarmasi matbuot xizmati.
Yangi aeroport uchun mo‘ljallangan hududdagi mavjud mulklar qiymati asossiz oshishining oldini olish maqsadida yangi foydalanuvchilarga taqsimlash, rasmiylashtirish, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda qurilish ishlarini olib borish cheklanadi, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, boshqarma yangi aeroport uchun mo‘ljallangan hududda aholi ko‘chirilishini hamda aholi xonadonlariga va fermer xo‘jaliklari hududidagi mavjud bino-inshootlariga kompensatsiya to‘lab berilishini ma’lum qildi.
Shu maqsadda hudud to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, turar va noturar joy binolari hamda qishloq xo‘jaligi ekinzorlari egalariga yetkaziladigan zararni qoplash uchun kompensatsiya miqdori aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari tutash hududida 1,3 ming gektar maydonda qurilmoqda.
Avvalroq O‘rta Chirchiq tumani hokimi aholi bilan muloqotda uylar va inshootlarga kompensatsiya to‘lab berilishini ma’lum qilgandi. Aeroport uchun tumanning Xalqobod va Yangiyo‘l mahallalaridan yer ajratilgan.
Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni yangi aeroport qurilishiga start berdi. Marosimda u aeroport qurilishi O‘zbekistonni “Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan” mintaqaviy aviatsiya xabiga aylantirish uchun poydevor yaratishini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ