“O‘zbekiston temir yo‘llari” Hyundai Rotemdan sakkizta tezyurar elektropoyezd sotib oladi

Tomonlar yangi poyezdlarni texnik qo‘llab-quvvatlash, lokomotivlar uchun servis markazi tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” Hyundai Rotemdan sakkizta tezyurar elektropoyezd sotib oladi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ delegatsiyasi Germaniyaning Berlin shahrida o‘tkazilgan “InnoTrans-2026” xalqaro transport texnologiyalari ko‘rgazmasida qator xorijiy kompaniya va tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Delegatsiyaga jamiyat boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari X. Raxmetov boshchilik qildi. Uchrashuvlarda temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi harakat tarkibini xarid qilish, servis xizmatlari va sohani raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Li Yon Be bilan uchrashuvda tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Tomonlar amaldagi tezyurar poyezdlarning so‘nggi ikki vagonini o‘zgartirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kompaniya biznes-klass o‘rindiqlari o‘rniga stolli VIP o‘rindiqlarni o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, sakkizta tezyurar elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha yangi shartnoma konsepsiyasi muhokama qilindi. Har bir yangi tarkibni zamonaviy kapsula o‘rindiqlari bilan jihozlangan VIP-vagon bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Yakuniy konfiguratsiya, o‘rindiqlar soni va texnik xususiyatlar texnik hujjatlarni tayyorlash jarayonida belgilanadi.

CRRC bilan lokomotivlar uchun servis markazi tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi

Xitoyning CRRC Corporation Limited kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvda amaldagi qo‘shma loyihalar, jumladan, yangi poyezdlarni texnik qo‘llab-quvvatlash va lokomotivlar xaridi muhokama qilindi.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ sanoat korxonalari bazasida lokomotivlarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy servis markazi tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Tomonlar g‘ildirak izini o‘zgartirish imkoniyatiga ega zamonaviy yuk vagonlarini ishlab chiqarish loyihasini boshlash masalasini ham muhokama qildi.

Yevropa va Osiyo kompaniyalari bilan hamkorlik kengaytiriladi

Yevropa komissiyasining xalqaro hamkorlik bo‘yicha vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirishga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.

Serbiya temir yo‘llari ma’muriyati bilan muzokaralarda “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning Serbiya temir yo‘l magistrallarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelajakdagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi masalasi ko‘tarildi.

“Deutsche Bahn” bilan muzokaralarda esa O‘zbekiston mutaxassislarini malaka oshirish uchun Germaniyaga yuborish va temir yo‘l sohasida qo‘shma ilmiy ishlanmalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, “Huawei” va boshqa texnologik kompaniyalar bilan temir yo‘l sohasini raqamlashtirish hamda innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Tadbirkorlarga futbol klublarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar beriladi
/
Tadbirkorlarga futbol klublarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar beriladi
Dollar qiymati tushishda davom etmoqda
/
Dollar qiymati tushishda davom etmoqda
O‘zbekistonda 1-oktabrdan nimalar o‘zgaradi
/
O‘zbekistonda 1-oktabrdan nimalar o‘zgaradi