Tadbirkorlarga futbol klublarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar beriladi

1-apreldan professional futbol klublarini tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga berish mexanizmi joriy etiladi

Tadbirkorlarga futbol klublarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar beriladi

O‘zbekistonda professional futbol klublarini xususiy biznesga o‘tkazish uchun sharoit yaratiladi. Tadbirkorlar ularni sotib olish uchun kredit olishi, klublardagi davlat ulushlari esa bosqichma-bosqich xususiylashtirilishi rejalashtirilgan. Bu sportni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan prezident qarorida belgilangan.

Futbol klublarini sotib olish uchun kredit beriladi

Tijorat banklari tadbirkorlarga professional futbol klublarini sotib olish uchun kredit ajratishi mumkin bo‘ladi. Moliyalashtirish 5 yilgacha muddatga yillik 14% stavkada, bir yillik imtiyozli davr bilan beriladi.

Xuddi shunday shartlar sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun ajratiladigan kreditlarga ham tatbiq etiladi. Kredit olish uchun likvid garov ta’minoti va istiqbolli biznes-reja talab qilinadi.

2026-yil yakunigacha professional futbol klublarining mol-mulki inventarizatsiyadan o‘tkazilib, uning bozor qiymati baholanadi. Baholashga “katta to‘rtlik” kompaniyalari yoki boshqa xalqaro auditorlik va konsalting tashkilotlarini jalb qilish rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng professional futbol klublaridagi davlat ulushlarini xususiylashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Klublar tadbirkorlarga boshqaruvga beriladi

2026-yil 1-apreldan professional futbol klublarini tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga berish mexanizmi joriy etiladi.

Klublar tanlov asosida boshqaruvga topshiriladi. Bunda asosiy shartlardan biri tadbirkorning klubning yillik xarajatlarining kamida 20% ini moliyalashtirishga tayyor bo‘lishi hisoblanadi.

Tadbirkor klub boshqaruvida ishtirok etishi, uning marketing va transfer siyosatini belgilashi, shuningdek, kuzatuv kengashiga rahbarlik qilishi mumkin bo‘ladi.

Futbolchilar daromad solig‘idan ozod etiladi

2026-yil 1-apreldan 2029-yil 1-aprelgacha Superliga va Proliga klublari futbolchilari jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod etiladi. Ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% ni tashkil qiladi.

Milliy terma jamoalarni tayyorlashga jalb qilinadigan ayrim xorijiy va mahalliy murabbiylar hamda mutaxassislar uchun ham soliq imtiyozlari nazarda tutilgan.

Homiylarga soliq imtiyozlari beriladi

Professional futbol klublari, shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha sport federatsiyalariga homiylik yordami ko‘rsatadigan kompaniyalar ushbu mablag‘ miqdoriga teng summani soliqqa tortiladigan foydadan chegirib tashlashi mumkin bo‘ladi.

Bunda chegirma miqdori soliqqa tortiladigan foydaning 10% idan oshmasligi kerak.

Sportni qo‘llab-quvvatlashga 700 mlrd so‘m yo‘naltiriladi

Sport vazirligi huzurida Sport sohasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. 2026-yilda jamg‘armaga davlat budjetidan 700 mlrd so‘m ajratiladi.

Ushbu mablag‘larning 100 mlrd so‘mi Milliy olimpiya qo‘mitasiga yo‘naltiriladi. Superliga klublariga 2026-yilda 35 mlrd so‘mdan, 2027-yilda 30 mlrd so‘mdan va 2028-yilda 25 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari sport federatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, terma jamoalarni tayyorlash va sport sohasidagi boshqa loyihalarni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurish uchun 5 yilgacha qamoq jazosi joriy etildi
/
Ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurish uchun 5 yilgacha qamoq jazosi joriy etildi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” Hyundai Rotemdan sakkizta tezyurar elektropoyezd sotib oladi
/
“O‘zbekiston temir yo‘llari” Hyundai Rotemdan sakkizta tezyurar elektropoyezd sotib oladi
Dollar qiymati tushishda davom etmoqda
/
Dollar qiymati tushishda davom etmoqda