XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashishini prognoz qildi
Jamg‘arma davlat banklarini xususiylashtirishni jadallashtirish va qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishni tavsiya etdi
Фото: DW
Yaqin ikki yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori ichki talab fonida mo‘tadil sur’atlarda o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) matbuot xizmati ma’lum qildi.
Jamg‘arma mamlakatdagi makroiqtisodiy vaziyatni barqaror deb baholagan. Unga ko‘ra, 2025-yilda real yalpi ichki mahsulot (YIM) 7,7% ga o‘sgan, 2026-yilning birinchi choragida esa iqtisodiy o‘sish 8,7% ni tashkil etgan. Aprel oyida inflyatsiya darajasi 7% gacha pasaygan.
Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 2,1% gacha, joriy operatsiyalar hisobining manfiy saldosi esa 3,9% gacha qisqargan. Oltin-valuta zaxiralari yetarli darajada ekani qayd etilgan. Shu bilan birga, mutaxassislar kuchli ichki talab iqtisodiyotning salohiyatidan yuqori faollikni yuzaga keltirayotgani va bu iqtisodiyotning “qizib ketishi” xavfini oshirayotganini ta’kidladi.
XVJ prognoziga ko‘ra, YIM o‘sishi 2026-yilda 6,8% gacha, 2027-yilda esa 6% gacha sekinlashadi. Pul-kredit siyosati qat’iy saqlansa, inflyatsiya 2027-yil oxiriga borib Markaziy bankning 5% lik maqsadli ko‘rsatkichiga yetishi kutilmoqda. Oltin narxlarining qulay darajada qolishi hisobiga joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi joriy yilda 3,2% gacha kamayishi mumkin.
Soliq-budjet siyosatida asosiy vazifa iqtisodiyotning ortiqcha qizib ketish xavfini kamaytirishdan iborat ekani qayd etilgan. Shu munosabat bilan, daromadlar rejalashtirilganidan yuqori bo‘lgan taqdirda ham 2026-yilda davlat xarajatlarini cheklash tavsiya etilgan. Soliq tushumlaridagi pasayishni qoplash uchun ayrim aksiz soliqlarini oshirish, soliq imtiyozlari va ta’tillarini bekor qilish, shuningdek bojxona ma’murchiligini takomillashtirish taklif etilgan.
Bundan tashqari, foydali qazilmalardan olinadigan daromadlarning budjetga ta’sirini cheklovchi moliyaviy qoida joriy etish tavsiya etildi.
XVJ Markaziy bankka qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishni hamda narxlar kutilganidan sekinroq pasayadigan bo‘lsa, uni yanada kuchaytirishga tayyor bo‘lishni tavsiya qilgan. Moslashuvchan valyuta kursi esa zaxiralarni himoya qilish va tashqi xatarlar ta’sirini yumshatishning muhim omili sifatida baholangan.
Moliyaviy sektorda davlat tijorat banklarini restrukturizatsiya qilish va xususiylashtirishni jadallashtirish ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, regulyator samaradorligini pasaytirayotgan imtiyozli kreditlash dasturlaridan bosqichma-bosqich voz kechish tavsiya etilgan.
Xususiy sektorni rivojlantirish uchun davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini keskin qisqartirish, aktivlarni xususiylashtirishni davom ettirish hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash zarurligi qayd etilgan. Shuningdek, mansabdor shaxslarning daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish muhim qadam sifatida baholangan. Mehnat bozorida esa ayollar va yoshlarning bandligiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish hamda norasmiy bandlikni qisqartirish tavsiya etilgan. Davlat investitsiyalarini rejalashtirishda iqlim omillarini ham inobatga olish tavsiya qilingan.
Jamg‘arma tashqi xatarlar qatoriga geosiyosiy keskinlik, eksport tovarlari narxlarining pasayishi va xalqaro kapital bozorlaridagi vaziyatning yomonlashishini kiritgan. Ichki xavflar sifatida esa budjet mablag‘larining samarasiz sarflanishi, imtiyozli kreditlash dasturlarining saqlanib qolishi hamda tarkibiy islohotlarning kechikishi ko‘rsatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ