2026-yildan xorijdagi talabalar davlat idoralari va xususiy sektorga biriktiriladi
“Xorijdagi talabalar” moduli orqali yoshlarning amaliyot o‘tashi va keyinchalik ishga joylashishi ta’minlanadi
Foto: Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda xorijda tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha yangi mexanizmlarni belgilab berdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, xorijdagi vatandoshlar, shuningdek, dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetida tahsil olayotgan va ularni tamomlagan yoshlarni davlat boshqaruvi hamda iqtisodiyot tarmoqlariga jalb etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda 2026-yil 1-oktabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” moduli ishga tushiriladi. Yangi tizim orqali chet elda o‘qiyotgan talabalar davlat organlari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularga amaliyot o‘tash, ish beruvchilar bilan muloqot qilish hamda o‘qishni tamomlagach ishga joylashish imkoniyati yaratiladi.
Yig‘ilishda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, jamg‘arma transformatsiyasi natijasida dunyoning TOP-100 oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan stipendiatlar ulushi 30% dan 80% ga oshgan. Yangi tartib asosida o‘tkazilgan uchta tanlov yakuniga ko‘ra, 447 nafar iqtidorli yosh jamg‘arma stipendiyasini qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, jamg‘arma dasturlarini hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlari bilan bog‘lash, iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda maqsadli tayyorlash, ularning ta’lim xarajatlarini yirik korxonalar bilan hamkorlikda moliyalashtirish hamda nufuzli xorijiy oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, bitiruvchilarning ilmiy tadqiqotlari, startaplari va islohotlarga qaratilgan tashabbuslarini kichik grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya tajribasi asosida liderlik dasturlarini tashkil etish rejalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida Prezident kadrlarni tanlashda ochiqlik va xolislikni ta’minlash, iqtidorli mutaxassislarni tizimli qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salohiyatidan mamlakat rivoji yo‘lida samarali foydalanish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ