“Xalq banki” Forbes reytingiga kirgan ilk o‘zbek banki bo‘ldi
O‘zbekiston banki 89 ta davlatdan 500 ta bank o‘rin olgan reytingda mamlakatning yagona vakili bo‘ldi
Foto: Kapital.uz
“Xalq banki” Forbes tomonidan tuzilgan World’s Top Performing Banks yangi reytingidan joy oldi. U 89 ta davlatdan 500 ta bank kiritilgan ro‘yxatda O‘zbekistonning yagona vakili bo‘ldi. Reyting avvalgi ro‘yxatlardan farqli ravishda mijozlar fikriga emas, obyektiv moliyaviy ko‘rsatkichlarga asoslangan.
Forbes reytingni Statista tadqiqot kompaniyasi bilan hamkorlikda tuzgan. Banklar aktivlari hajmiga qarab olti toifaga ajratilgan va har bir bank o‘z toifasi doirasida baholangan. Shu sababli reytingdagi o‘rin bankning 500 ta bank orasidagi emas, balki tegishli toifadagi pozitsiyasini anglatadi.
Mazkur reyting Forbes’ning banklar bo‘yicha avvalgi ro‘yxatlaridan farq qiladi. Unda mijozlar o‘rtasidagi so‘rovnomalar emas, balki S&P Capital IQ bazasi, ochiq manbalar va banklarning so‘nggi uch yildagi hisobotlaridan olingan obyektiv moliyaviy ma’lumotlardan foydalanilgan.
Yakuniy ball to‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha shakllantiriladi: rentabellik — 30%, kapital va moliyalashtirish barqarorligi — 25%, aktivlar sifati va samaradorligi — 25%, o‘sish sur’atlari va daromad sifati — 20%.
Boshqacha aytganda, bankning hajmi emas, balki o‘z ko‘lami doirasida qanchalik samarali faoliyat yuritayotgani hisobga olinadi.
Reytingga kirish uchun qanday talablar mavjud?
Bank depozitlarni qabul qilish va aholiga hamda korporativ mijozlarga kredit berish uchun litsenziyaga ega bo‘lishi, aktivlari $3 mlrddan ortiq — taxminan 35,5 trln so‘m — bo‘lishi, hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritishi va ketma-ket uch yil davomida auditdan o‘tgan moliyaviy hisobotlarini e’lon qilishi kerak.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonda 34 ta bank faoliyat yuritgan. Ulardan 10 tasi aktivlar hajmi bo‘yicha belgilangan talabga javob bergan, biroq reytingga faqat “Xalq banki” kiritilgan.
“Xalq banki” qaysi toifadan joy oldi?
“Xalq banki” aktivlari $3 mlrdan $10 mlrdgacha bo‘lgan kichik banklar toifasiga kiritilgan. Bankning 2026-yilgi biznes-rejasiga ko‘ra, yilni 748 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlash rejalashtirilgan. Bunda aktivlar rentabelligi (ROA) 1,3% ni, kapital rentabelligi (ROE) esa 6,9% ni tashkil etishi kutilmoqda.
Muammoli kreditlar ulushi 3,4% gacha qisqartirilgan. Kapital yetarliligi koeffitsiyenti 19,2% ni tashkil etib, belgilangan me’yor 13% dan yuqori.
Forbes har bir toifadagi banklar sonini oshkor qilmagani sababli “Xalq banki”ning o‘z toifasi ichidagi aniq o‘rnini baholash imkoni yo‘q.
Forbes 2019-yildan buyon World’s Best Banks reytingini ham e’lon qilib keladi. Biroq ushbu reyting mijozlar o‘rtasidagi so‘rovnomaga asoslanadi va atigi 27 ta davlatni qamrab oladi. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.
Yangi samaradorlik reytingi esa mamlakatlar ro‘yxati bilan cheklanmaydi. Bank belgilangan aktivlar hajmi va hisobot talablari asosida mezonlarga javob bersa, uning qaysi davlatda joylashganidan qat’i nazar tahlilga kiritiladi.
Shu tariqa, O‘zbekiston ilk bor Forbes’ning global banklar reytingida o‘z vakiliga ega bo‘ldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ