Toshkentda Volkswagen avtomobillarini yig‘ish zavodini ishga tushirildi
Shuningdek, tomonlar logistika markazi, maishiy kimyo ishlab chiqarishi va ta’lim loyihalariga ham start berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekistonda qator qo‘shma investitsiya loyihalarini ishga tushirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Rasmiy uchrashuv yakunida ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi. Shuningdek, delegatsiyalar moliya sohasidagi hujjatlar, jumladan, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun grantlar va imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha kelishuvlarni almashdi.
Ishga tushirilgan investitsiya loyihalari orasida eng yirigi Toshkentda Volkswagen brendi ostidagi avtomobillarni yirik uzelli yig‘ish (SKD) korxonasi bo‘ldi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatida Germaniyaning Henkel kompaniyasi bilan hamkorlikda maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi faoliyat boshladi. Andijon viloyatida esa “O‘ztemiryo‘lkonteyner” va Germaniyaning Rhenus Group kompaniyasi hamkorligida logistika xabi qurilishiga start berildi.

Ta’lim yo‘nalishida ham ikkita loyiha ishga tushirildi. Poytaxtda Deutsche Bahn ko‘magida temiryo‘l sohasi mutaxassislarini tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yildi hamda nemis tilini bilish darajasini baholovchi Telc imtihon markazi ochildi.
May oyida prezidentga avtomobil sanoatini rivojlantirish strategiyasi taqdim etilgandi. Unga ko‘ra, yillik avtomobil ishlab chiqarish hajmini 1 mln donaga yetkazish rejalashtirilgan.
Volkswagen avtomobillarini Toshkentda yirik uzelli yig‘ishni yo‘lga qo‘yish ushbu strategiyaning birinchi bosqichi hisoblanadi. Keyingi bosqichda “Angren” erkin iqtisodiy zonasida avtomobillarni to‘liq sikl asosida ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ