Iqtisodiyot va moliya vazirligi: energiya tariflari o‘zgarishi UzNIF IPO’si bilan bog‘liq emas
Aholi va biznes uchun narxlarning o‘zgarishi inflyatsiyani hisobga oluvchi yillik rejalashtirilgan indeksatsiya sifatida izohlandi
Foto: Kapital.uz
Elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarining o‘zgarishi O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarining birlamchi joylashtirilishi bilan bog‘liq emas. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Jurnalistlarning fond aktivlari qiymatini IPO oldidan sun’iy oshirish ehtimoli haqidagi savoliga javoban, Xurshed Mustafayev tariflar har yili amaldagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq bahor mavsumida qayta ko‘rib chiqilishini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu jarayon inflyatsiya sabab shakllanadigan qo‘shimcha xarajatlarga asoslanadi.
Amaldorning qayd etishicha, gap tariflarning to‘g‘ridan to‘g‘ri oshirilishi haqida emas, balki ularning indeksatsiyasi haqida ketmoqda. Shu bilan birga, u ushbu chora tegishli korxonalar moliyaviy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, qo‘shimcha mablag‘ shakllanishiga xizmat qilishini tasdiqladi. Biroq bu qaror qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish maqsadida qabul qilinmagan.
Fond investitsiya portfeliga Hududgazta’minot, Hududiy elektr tarmoqlari, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari, Issiqlik elektr stansiyalari hamda O‘zbekgidroenergo kabi tuzilmalardagi davlat ulushlari kiritilgan.
Markaziy Osiyo bo‘yicha Franklin Templeton global investitsiyalar kompaniyasining bosh direktori Marius Dan ham vaziyat yuzasidan fikr bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tariflarning kompaniyalar investitsion jozibadorligiga haqiqiy ta’siri iyul oyi o‘rtalariga qadar mustaqil ekspertlar tayyorlaydigan navbatdagi sof aktivlar baholashida ma’lum bo‘ladi. Kompaniya vakili yangi omillar portfelning moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilashi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, elektr energiyasi va gaz narxlari jismoniy hamda yuridik shaxslar uchun 1-iyundan oshiriladi. Hukumat bu qarorni iste’mol hajmi ortgani sabab infratuzilmani modernizatsiya qilish zarurati bilan izohlamoqda.
Qimmatli qog‘ozlarning ichki va xalqaro maydonlardagi birlamchi joylashtirilishi yaqinda yakunlandi. Vazirlik yagona aksiyador sifatida 1,56 trln dona oddiy aksiya va global depozitar tilxatlarni savdoga chiqardi. Bu fond kapitalining 31% iga teng. Bitta depozitar tilxat esa 64 ming 700 ta aksiyaga tenglashtirilgan.
Qo‘shimcha joylashtirish opsionisiz davlat taxminan $603,6 mln jalb qildi. Opsion amalga oshirilgan taqdirda, yakuniy ko‘rsatkich $692 mlnga yetadi, sotilgan qimmatli qog‘ozlar ulushi esa 35% ni tashkil qiladi.
Mazkur birja joylashtiruvi mamlakat tarixidagi eng yirik IPO sifatida e’tirof etildi. 2025-yil yakuniga ko‘ra investitsiya fondi aktivlari qiymati $2,44 mlrdga baholangan bo‘lsa, savdolar yakunlangach bozor kapitallashuvi $1,95 mlrdni tashkil etdi.
Energetika sektoridan tashqari, fond Uzbekistan Airways, O‘zsanoatqurilishbank, O‘zbekinvest va boshqa davlat kompaniyalari aksiyalarini ham boshqaradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ