O‘zbekiston va Boshqirdiston tadbirkorlari qariyb $100 mlnlik shartnomalar imzoladi
Tomonlar savdo uyi ochish, texnopark tashkil etish va muzlatkich ishlab chiqarish zavodini qurish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan
Ufada o‘tgan O‘zbekiston–Boshqirdiston biznes-forumi yakunida ikki tomon tadbirkorlari qariyb $100 mlnlik shartnoma va kelishuvlarni imzoladi. Bu haqda Bashnews xabar berdi.
Forumda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Odilxon Rustamov boshchiligidagi ko‘p tarmoqli delegatsiya ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibiga yengil va oziq-ovqat sanoati, kimyo, avtomobilsozlik, mebel ishlab chiqarish, qurilish, tibbiyot, IT hamda raqamli xizmatlar sohasida faoliyat yuritayotgan 120 dan ortiq kompaniya kirdi.
Tadbir doirasida tadbirkorlar B2B uchrashuvlari o‘tkazib, yangi hamkorlik loyihalarini muhokama qildi va biznes aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.
Boshqirdiston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Timur Hakimovning ta’kidlashicha, respublikaga bunday ko‘lamdagi o‘zbek biznes delegatsiyasi ilk bor tashrif buyurgan.
Forum yakunlari bo‘yicha tomonlar Ufada O‘zbekiston savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning “Premier Electrotech” kompaniyasi Boshqirdistonning Sterlitamak tumanidagi maxsus iqtisodiy zonada muzlatkich ishlab chiqarish zavodi qurishni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati $20 mln etib baholanmoqda. Kompaniyaga 10 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, loyiha amalga oshirish bosqichiga o‘tgan.
Bashnews ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Boshqirdiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi so‘nggi besh yil davomida uzluksiz o‘sib bormoqda. Tomonlar Toshkent, Buxoro, Namangan, Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 2024-yildan buyon esa ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” amalga oshirilmoqda.
Hozirda Boshqirdiston rahbari Radiy Habirov nazorati ostida 10 ta yirik investitsiya va infratuzilma loyihasi amalga oshirilmoqda. Ular orasida Toshkent viloyatida barpo etilayotgan “Bekobod” boshqird-o‘zbek texnoparki ham bor. Loyiha sanoat kooperatsiyasi va texnologik almashinuvning yangi modeli sifatida ko‘rilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ