O‘zbekiston sun’iy intellekt bo‘yicha eng ilg‘or 50 davlat qatoriga kirishni rejalashtirmoqda
2030-yilgacha AI xizmatlari hajmini $1,5 mlrdga yetkazilib, 200 dan ortiq yangi loyiha ishga tushiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, zamonaviy hisoblash infratuzilmasini kengaytirish hamda sohada amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘onaga ko‘tarilib, 62-o‘rinni egallagan. 2030-yilgacha mamlakatni ushbu reytingning eng yaxshi 50 davlati qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish, 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish hamda infratuzilmani kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Prezident sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, global tendensiyalarni muntazam tahlil qilish, ilg‘or ishlanmalarni tezkor joriy etish va yangi tashabbuslarni ilgari surish zarurligini qayd etdi.
Taqdimotda zamonaviy hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan oy “Raqamli hukumat” data-markazida AQShning NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirilgan bo‘lib, u quvvati bo‘yicha dunyo reytingida 321-o‘rinni egallagan. Bir oy ichida klaster yuklamasining 90% ga yetgani hisoblash quvvatlariga talab yuqoriligini ko‘rsatgani qayd etildi.
Hozirga qadar ushbu yo‘nalishda $24 mlnlik zamonaviy infratuzilma ishga tushirilgan. Mavjud klasterni kengaytirish uchun qo‘shimcha $70 mln yo‘naltirish taklif etildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda barpo etilayotgan data-markazlar loyihalari yuzasidan axborot berildi.
Yig‘ilishda sun’iy intellekt yechimlari samaradorligi sifatli ma’lumotlar bazasiga bog‘liqligi ta’kidlanib, vazirlik va idoralardagi ma’lumotlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning ishonchliligi va o‘zaro mosligini ta’minlash, sohalar kesimida sifatli ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirish topshirildi.
Joriy yilning o‘zida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt asosida amalga oshiriladigan loyihalar sonini 100 tadan oshirish vazifasi qo‘yildi. Tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiya yo‘nalishlarida ishlab chiqilayotgan AI yechimlari taqdim etildi.
Bunda IT Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Joriy yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga, ular ko‘rsatadigan xizmatlar hajmini 2 trln so‘mga, eksportni esa $160 mlnga yetkazish rejalashtirilgan.
Kadrlar tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. Hozirga qadar 1,5 mln nafardan ortiq foydalanuvchi sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikat olgan. Bundan tashqari, 900 nafar rahbar, 3 mingdan ortiq davlat xizmatchisi, ming nafar bank xodimi va 200 nafar maslahatchi maxsus kurslarda o‘qitilgan.
Kelgusi ikki yil ichida “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini to‘liq amalga oshirish, o‘quvchilar, talabalar, o‘qituvchilar va keng jamoatchilik uchun zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘tkazilgan hududiy xakatonlar va startap tanlovlari natijalari ko‘rib chiqildi. Bunday tadbirlarni barcha hududlarda tashkil etish topshirildi.
Yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar hokimlarining sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari faoliyati ham muhokama qilindi. 500 nafar nomzod orasidan 222 nafari saralab olingani qayd etilib, ushbu lavozimlarga xorijda ta’lim olgan yosh mutaxassislarni keng jalb qilish hamda ularning faoliyatini aniq natijalar asosida baholash zarurligi ta’kidlandi.
Maslahatchilar faoliyatini monitoring qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun alohida raqamli platforma ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Taqdimotda xalqaro hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston yaqinda WAICO — Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotining ta’sischi davlatlaridan biriga aylangan. Endilikda ushbu platforma orqali ilg‘or texnologiyalar, katta til modellari va raqamli transformatsiya yechimlarini joriy etish, xorijiy kompaniyalar va ilmiy markazlar bilan qo‘shma loyihalarni kengaytirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari suriladi.
Yakunda prezident hisoblash quvvatlarini izchil oshirish, amaliy AI loyihalarini ko‘paytirish, sifatli ma’lumotlar bazasini yaratish, startaplar va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ