O‘zbekistonda urush qatnashchilariga 30 mln so‘mdan bir martalik mukofot puli beriladi
Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xizmatchilarning oila a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezidentga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan axborot berildi.
Qayd etilishicha, zamonaviy jangovar harakatlar tahlilidan kelib chiqib, barcha o‘quv, trening va mashg‘ulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari o‘zlashtirilayotgani, bo‘linmalarning mobilligini, jangovar imkoniyatlarini va qo‘yilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani yuzasidan axborot berildi.
Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotini to‘lash taklif qilindi.
Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
Vatan tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning mardligi va jasoratini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’naviy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkaziladi. Mamlakat bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ