Umidjon Hakimov “Ipak Yo‘li” banki boshqaruvi raisi etib tayinlandi
Yangi rahbar ushbu lavozimda 2018-yildan buyon bankni boshqarib kelgan Saydabror Saydahmedov o‘rnini egalladi
Фото: Bankers.uz
“Ipoteka bank OTP Group” rahbarining sobiq o‘rinbosari Umidjon Hakimov “Ipak Yo‘li” aksiyadorlik innovatsion tijorat banki boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kadrlar bo‘yicha tegishli qaror 26-may kuni aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida qabul qilingan. Kun tartibida 2018-yil yanvar oyidan buyon bankka rahbarlik qilib kelgan Saydabror Saydahmedovning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Saydabror Saydahmedov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shu bilan birga, u bank tizimida faoliyatini davom ettirib, boshqa yo‘nalishga rahbarlik qiladi.
Bank boshqaruvi raisi lavozimiga esa joriy yil aprel oyidan buyon rais o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Umidjon Hakimov tasdiqlangan. Yangi rahbar nomzodi Markaziy bank bilan kelishuv jarayonidan so‘ng rasman kuchga kiradi.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Umidjon Hakimov 1971-yilda tug‘ilgan bo‘lib, bank sohasida 25 yildan ortiq ish tajribasiga ega. U 2002-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bakalavr darajasini olgan, 2011-yilda esa London biznes maktabining MBA dasturini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1999-yilda “Ipak Yo‘li” bankida boshlagan. 2006–2011-yillarda “ABN AMRO Bank NB Uzbekistan A.O.” va “Royal Bank of Scotland NB Uzbekistan CJSC”da ishlagan.
2011-yildan 2023-yilgacha “Asia Alliance Bank”da rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan, jumladan bank boshqaruvi raisi lavozimini ham egallagan. 2023-yil noyabr oyidan joriy yil apreliga qadar esa “Ipoteka bank OTP Group” rahbari o‘rinbosari sifatida ishlagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ