Eduard Kovtun O‘zbekistondagi Uklon’ga general menejer lavozimiga tayinlandi
U kompaniyaning O‘zbekistondagi strategik rivojlanishi, operatsion faoliyati va servisni kengaytirish uchun mas’ul bo‘ladi
Uklon Eduard Kovtunning O‘zbekistondagi general menejer lavozimiga tayinlanganini e’lon qildi. Kompaniya ushbu qaror O‘zbekistondagi biznesni kengaytirish va mahalliy boshqaruv jamoasini kuchaytirish maqsadida qabul qilinganini ma’lum qildi.
Eduard Kovtun Uklon jamoasiga 2025-yil dekabr oyida qo‘shilgan. Yangi lavozimda u kompaniyaning O‘zbekistondagi strategik rivojlanishi, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, mahalliy jamoani shakllantirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda haydovchilar va foydalanuvchilar tajribasini yaxshilash uchun mas’ul bo‘ladi.
Uklon bosh direktori Sergey Grishkovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston kompaniya uchun strategik xalqaro bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston biz uchun strategik jihatdan muhim xalqaro bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda va biz biznes hamda mahalliy jamoani rivojlantirishga investitsiya kiritishda davom etamiz. Eduard operatsion boshqaruv, biznesni rivojlantirish va xalqaro bozorlarda ishlash bo‘yicha kuchli tajribaga ega. Biz uchun kompaniya qadriyatlarini baham ko‘radigan, kuchli jamoalar tuza oladigan va dinamik muhitda biznesni rivojlantira oladigan rahbarni topish muhim edi, — dedi u.
Eduard Kovtun ham yangi lavozimdagi ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr bildirib, kompaniya platformasi, mahalliy jamoa va foydalanuvchilar tajribasini rivojlantirishga sarmoya kiritish davom ettirilishini qayd etdi.
Kovtun biznesni boshqarish, operatsion faoliyat va kompaniyalarni rivojlantirish sohasida 10 yildan ortiq tajribaga ega. U Uklon’ga qadar xalqaro muhandislik-konsalting kompaniyasi Egisda Managing Director sifatida faoliyat yuritib, Ukraina, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida biznesni rivojlantirish hamda operatsion faoliyatni boshqargan. Shuningdek, u rivojlanish departamenti va PMO faoliyatiga rahbarlik qilgan hamda Ukrainaning tarmoq tashkilotlarida hamkorlik va tijorat yo‘nalishlarini rivojlantirish bilan shug‘ullangan.
Ma’lumot uchun, Uklon — onlayn taksi chaqirish servisini ishlab chiquvchi IT-kompaniya hisoblanadi. 2025-yil aprel oyidan buyon kompaniya korporativ huquqlarining 97% Ukrainaning eng yirik elektron kommunikatsiya operatori Kyivstarga tegishli.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ