Turkiyada erkin ishlash huquqi faqat “turk kelib chiqishiga ega chet el fuqarolari”ga beriladi

Qaror turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolariga erkin mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini bermaydi

Turkiyada erkin ishlash huquqi faqat “turk kelib chiqishiga ega chet el fuqarolari”ga beriladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on “turkiy davlatlar fuqarolarini ishga joylashtirish” tartibini soddalashtiruvchi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi. Aslida bu farmon “turk kelib chiqishiga ega chet el fuqarolari”ga taalluqli ekani ma’lum boʻldi.

Erdoʻgʻon Turkiya Vazirlar Kengashining 1982-yilda qabul qilingan qaroriga o‘zgartirishlar kiritgan. U imzolagan hujjat “Turk kelib chiqishiga ega chet el fuqarolarining erkin kasbiy faoliyati hamda Turkiyaning davlat va xususiy muassasalarida ishga joylashishi to‘g‘risida”gi qarorni qisman yangiladi. Shu sababli, bu turkiy davlatlar fuqarolariga (Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston fuqarolariga) aloqador emas.

Hujjatga ko‘ra, avvalo chet el fuqarosining turk millatiga mansubligi aniqlanadi. Bunda quyidagi talablarga javob berilishi shart:

  • Turkiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan vaqtinchalik yashash guvohnomasiga ega bo‘lish;
  • Turkiya vakolatli organlari tomonidan tasdiqlangan kasbiy malakaga ega bo‘lish;
  • o‘z mamlakatidagi maktab yoki universitetlarning Turkiyada tan olingan diplomlariga ega bo‘lish;
  • o‘z kasbiy faoliyati bilan Turkiya xavfsizligiga tahdid solmasligi;
  • agar talab etilsa, kasaba uyushmasiga a’zolik to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lish;
  • o‘z mamlakatida olingan hunarmandchilik yoki boshqa kasbiy ko‘nikmalarning rasmiy tasdiqlangan sertifikatlariga ega bo‘lish;
  • prezident farmoni bilan turk millatiga mansub deb tan olinishi;
  • fuqaroligi bo‘lgan mamlakatda o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra o‘z ishi yoki kasbini bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi (masalan, tazyiqqa uchrashi);
  • o‘z mamlakatida turk kelib chiqishiga ega etnik va madaniy ozchilikka mansub bo‘lishi (masalan, Bolgariyada yashovchi turklar).

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi mazkur qaror Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolariga Turkiya hududida erkin mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini bermasligini taʻkidladi. O‘zbekiston fuqarolarining Turkiyadagi vaqtinchalik mehnat faoliyati amaldagi qonunchilik asosida tartibga solinadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent aeroportidagi avtoturargohlarni ijaraga berish boshlandi
/
Toshkent aeroportidagi avtoturargohlarni ijaraga berish boshlandi
O‘zbekiston GIZ bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi
/
O‘zbekiston GIZ bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi
O‘zbekistonda rubldan tashqari barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda rubldan tashqari barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi