O‘zbekiston 2030-yilda turistik xizmatlar eksportini $6 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda
TITF-2026’da investitsiya uchun infratuzilma loyihalarini davlat tomonidan yangi qo'llab-quvvatlash mexanizmlari taqdim etildi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi panel sessiyada investorlarga O‘zbekiston turizm sohasiga sarmoya kiritish bo‘yicha yangi imkoniyatlar taqdim etildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Muhokamada xalqaro investitsiya va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Sessiyaga The Independent nashri bosh muharriri Jordi Greyg moderatorlik qildi. O‘zbekiston tomonidan esa Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov ma’ruza bilan qatnashdi.
Ishtirokchilar mehmondo‘stlik infratuzilmasi butun hududlar rivojlanishini rag‘batlantiruvchi tizimli loyihalarga o‘tish masalasini muhokama qildi. Asosiy e’tibor tez qoplanadigan yo‘nalishlar — mehmonxonalar qurilishi, kurort zonalarini yaratish va xorijiy sayyohlar oqimi o‘sishiga mo‘ljallangan turdosh loyihalarga qaratildi.
2030-yilgacha O‘zbekistonda turizm xizmatlari eksportini $6 mlrddan oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, xorijiy sayyohlarning mamlakatda o‘rtacha qolish muddatini 7–8 kungacha, o‘rtacha xarajatlarini esa hozirgi $415 dan $1 180 gacha oshirish maqsad qilingan. Buning uchun transport aloqalari kengaytirilmoqda, biznes, gastronomik, ekologik, ziyorat va boshqa ixtisoslashgan turizm yo‘nalishlari rivojlantirilmoqda.
Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulovning ta’kidlashicha, investorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini o‘z ichiga olgan davlat qo‘llab-quvvatlash tizimi taklif etilmoqda. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga joylashtirish vositalari, kurortlar, tibbiy va tadbir turizmi infratuzilmasini rivojlantirish kiradi.
Xorijiy investorlarning mazkur sohaga qiziqishi institutsional islohotlar va dunyoda yangi sayyohlik yo‘nalishlariga talab ortib borayotgani bilan izohlanmoqda. Uchrashuv davomida loyihalar portfeli va hududlarda turizmni rivojlantirish istiqbollari taqdim etildi. Tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, global brendlarning mahalliy bozorga kirishini ta’minlash va logistika tizimini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
2026-yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga 5,3 mlndan ortiq xorijiy fuqaro tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37% ga ko‘pdir. Taqqoslash uchun, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 2,7 mln kishini, 2025-yil yakunida esa 11,7 mln kishini tashkil etgan. Turizm xizmatlari eksportidan tushgan daromad shu davrda $531 mlndan $4,8 mlrdgacha oshdi.
Hozirda O‘zbekistonda 95 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qiladi, 52 mamlakat fuqarolari elektron viza olish imkoniyatiga ega, yana 45 davlat fuqarolari uchun tranzit vizasiz tartib joriy etilgan.
Turizm infratuzilmasi ham sezilarli kengaydi. Joylashtirish vositalari soni qariyb to‘qqiz barobarga oshib, 7 mingdan ortiq obyektga yetdi. Bugungi kunda mamlakat bozorida qariyb 30 ta xalqaro mehmonxona brendi faoliyat yuritmoqda.
Muhokamada, shuningdek, Boeing, “Arxitektura-shaharsozlik portali”, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi, GEODATA PLUS, Governful va Xitoy turizm palatasi rahbariyati vakillari ham ishtirok etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ