2025-yil oxirigacha aviatsiya va temiryo‘l kompaniyalari xizmat tannarxi arzonlashtiriladi
Transport vaziriga ko'ra, kelgusi yildan qo‘shimcha qisqartirish rejasi ishlab chiqiladi
Фото: пресс-служба «Темирйулэкспресс»
28-oktabr kuni prezident yig‘ilishidan so‘ng transport vaziri Ilhom Mahkamov transport sohasida xarajatlarni optimallashtirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish chora-tadbirlari haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2025-yilgi budjet parametrlari ijrosi va 2026-yilga mo‘ljallangan ko‘rsatkichlar prognoziga bag‘ishlangan yig‘ilishda transport sohasi oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” kabi tashkilotlarning oldiga yil boshida xizmat tannarxini kamida 20 foizga pasaytirish vazifalari belgilab olingan edi. Joriy yil yakuniga qadar so‘zsiz bajarish bo‘yicha topshiriq berildi, — dedi vazir “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, kompaniyalar xarajatlarni kamida 20% ga optimallashtirish choralarini ko‘rishi kerak. 2026-yilda mazkur korxonalar tomonidan xarajatlarni optimallashtirish va tannarxini pasaytirish bo‘yicha vazifalar belgilanib, biz bir hafta mobaynida alohida qaror qabul qilinadi.
Vazir yirik transport kompaniyalarini transformatsiya qilishni davom ettirish, shu jumladan, ularning xalqaro reytinglarda ishtirok etishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar bo‘yicha mustaqil audit o‘tkazishi bo‘yicha rejalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Ilhom Maxkamov, shuningdek, transport sektorini yashirin iqtisodiyotdan chiqarish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolayotganini qayd etdi.
Misol qilib qaraydigan bo‘lsak, taksi faoliyatini o‘zini o‘zini band qilish yo‘nalishida [qonuniylashtirish] — o‘zining natijadorligini bergan. Shu bilan bir qatorda, xalqaro yuk tashuvlarda ish faoliyatini amalga oshiradigan korxonalar o‘z aylanma mablag‘larini hisob-raqami orqali ko‘rsatishi boshlangan — ijobiy tarafini bergan” — dedi vazir.
Shu bilan birga, uning qo‘shimcha qilishicha, ichki yuk tashish bozorida faoliyat yurituvchi kompaniyalar tomonidan hisobotlarning yo‘qligi yashirin iqtisodiyot shakli bo‘lib qolmoqda.
Biz raqamlashtirish orqali, albatta, bularning hisobot yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali yashirin iqtisodiyotdan bu sohani ham chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, — deya xulosa qildi Ilhom Mahkamov.
Gazeta o‘rgangan moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, “O‘zbekiston havo yo‘llari” birinchi yarimyilni 8,7 trln so‘m (+14,6%) bilan yakunladi, sof foyda esa 44,9% oshib, 269 mlrd so‘mdan 389,9 mlrd so‘mga yetdi. Shu bilan birga, tannarx 11,4% o‘sdi — 7,6 trln so‘mgacha.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ