YI va Markaziy Osiyo davlatlari Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha yangi kelishuvlarni imzoladi

Xususan, Nukusda 100 mln yevro evaziga A-380 xalqaro avtomobil yo‘lining 87 km qismi yangilanadi

YI va Markaziy Osiyo davlatlari Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha yangi kelishuvlarni imzoladi

Kapital.uz avval xabar berganidek, Toshkentda 27-noyabr kuni Transkaspiy yo‘lagi investorlari va o‘zaro bog‘liqlik forumi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar Markaziy Osiyoning Yevropa Ittifoqi bilan Janubiy Kavkaz va Qora dengiz mintaqasi orqali mintaqalararo aloqasiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar muvofiqlashtirish, logistika to‘siqlarini bartaraf etish, me’yorlarni uyg‘unlashtirish va infratuzilma loyihalarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Forum yakunida Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha bir nechta loyihalar taqdim etildi.

Nukus tumanida avtomobil yo‘lini rivojlantirish (O‘zbekiston)

Yevropa investitsiya banki A-380 xalqaro avtomagistralining Nukus yaqinidagi qismini modernizatsiya qilish uchun Yevropa Ittifoqining 6 mln yevro miqdoridagi kafolati bilan 100 mln yevro miqdorida kredit ajratadi.

Bu O‘zbekistonda barqaror transport aloqasini qo‘llab-quvvatlashi va mahalliy hamjamiyatlarning xizmatlar va ish o‘rinlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.

Uchquduq-Qizilo‘rda avtomobil-temiryo‘l yo‘nalishi

Yevropa Ittifoqi va YeTTB rejalashtirilayotgan Uchquduq-Qizilo‘rda avtomobiltemiryo‘l yo‘nalishining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishini moliyalashtiradi. U O‘zbekiston va Qozog‘istonning mintaqaviy ahamiyatga ega ikki shahrini bog‘laydi. Loyiha mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashi, savdo aloqalarini kengaytirishga yordam berishi va Markaziy Osiyo bo‘ylab tranzitni osonlashtirishi kutilmoqda.

Qozog‘istonda avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish

“KazAvtoJol” kompaniyasi uchun 150 mln yevro miqdoridagi hadli kredit Qozog‘istonda barqaror infratuzilma va transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishga yordam beradi. Transkaspiy transport yo‘lagida tegishli yo‘llarga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

Karabolta-Chaldovar yo‘lini modernizatsiya qilish (Qirg‘iziston)

Loyiha Transkaspiy transport yo‘lagining bir qismi bo‘lgan 31,7 km yo‘l qismini modernizatsiya qilish uchun investitsiya hisoblanadi. Bu Chaldovar nazorat-o‘tkazish punkti orqali Qozog‘iston bilan mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilaydi, yuk tashish vaqti va narxini kamaytiradi. Yevropa Ittifoqining hissasi 15,46 mln yevroni, YeTTB krediti esa 35 mln yevroni tashkil etadi.

Aktau portini modernizatsiya qilish (Qozog‘iston)

Loyihaning maqsadi portning konteyner sig‘imini kengaytirish, operatsion samaradorlikni yuksaltirish va Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘ylab mavjud asosiy to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat.

Yevropa Ittifoqining ulushi 10,4 mln yevroni, YeTTB krediti esa 35 mln yevroni tashkil etadi.

Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirish uchun “yumshoq o‘zaro bog‘liqlik” texnik yordami

Ushbu tashabbus savdo va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, barqaror va multimodal transport, davlat-xususiy sheriklik, transport bozorini liberallashtirish va uyg‘unlashtirish, tariflarni shakllantirish, shuningdek, aktivlarni boshqarish va moliyalashtirish kabi oltita yo‘nalishda ishlash orqali Markaziy Osiyoda “yumshoq bog‘liqlik»ni kuchaytirishga qaratilgan.

15 mln yevrolik dastur Yevropa Ittifoqi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va Expertise France tomonidan amalga oshirilmoqda.

Xususiy sektor ishtirokida Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha tayyorgarlik tadqiqotlari (Jahon banki bilan hamkorlikda)

Investitsiya paketi texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash, ekologik baholash va ustuvor infratuzilma loyihalarini aniqlashni o‘z ichiga oladi. Umumiy budjet — 10 mln yevro.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha tayyorgarlik tadqiqotlari

Yevropa Ittifoqi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Markaziy Osiyoning barcha beshta davlatida transport yo‘laklarini modernizatsiya qilish va kam uglerodli transport infratuzilmasiga o‘tishni tezlashtiradigan texnik va investitsiya oldi tadqiqotlarini moliyalashtiradi. Budjet 5 mln yevroni tashkil etadi.

PEMPAL hadli kelishuvi (Jahon banki bilan)

Yevropa Ittifoqi Yevropa va Markaziy Osiyoning 21 mamlakatidan davlat moliyaviy boshqaruvi mutaxassislarining tajriba almashish platformasini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mln yevro ajratadi. U moliyaviy muammolarni hal qilish uchun xodimlarning budjetlashtirish, g‘aznachilik va ichki audit bo‘yicha vakolatlarini kuchaytirishi kutilmoqda.

Kavkaz uzatish tarmog‘i

Energetika sohasidagi loyiha Armanistonning energiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan. Uning taxminiy qiymati 500 mln yevrodan ortiq bo‘lib, Germaniyaning KfW banki, YeIB va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Kaspiy orqali yuk tashish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish

Forum doirasida Xalqaro tashuvchilar uyushmasi (Turkiya), Albayrak Group (Turkiya), Azerbaijan Caspian Shipping Company (Ozarbayjon) va Kazak Rail (Qozog‘iston) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjat Kaspiy dengizi orqali Aktau (Qozog‘iston) va Boku/Alyat (Ozarbayjon) portlari o‘rtasida roll-on / roll-off (Ro-Ro) turidagi muntazam tashuvlarni rivojlantirish, ekspluatatsiya qilish va integratsiyalash bilan shug‘ullanadigan Caspian Ro-Ro Company qo‘shma korxonasini tashkil etishga bag‘ishlandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
/
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi