Toshkentda 59 ta obyekt qurilish ishlari butunlay to‘xtatildi

Obyektlarda to‘liq hujjatlar mavjud bo‘lmagani sababli elektr ta’minotidan uzilgan

Toshkentda 59 ta obyekt qurilish ishlari butunlay to‘xtatildi

Toshkent shahrining bir qator tumanlarida to‘liq hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lmagan 59 ta obyektda qurilish ishlari butunlay to‘xtatildi, obyektlar elektr ta’minotidan uzib qo‘yildi.

Poytaxt hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, ular soni:

  • Olmazor tumanida — 5 ta;
  • Chilonzor tumanida — 5 ta;
  • Mirobod tumanida — 8 ta;
  • Mirzo Ulug‘bek tumanida — 7 ta;
  • Sergeli tumanida — 3 ta;
  • Uchtepa tumanida — 2 ta;
  • Yakkasaroy tumanida — 2 ta;
  • Yangihayot tumanida — 17 ta;
  • Yashnobod tumanida — 3 ta.

Qayd etilishicha, so‘nggi oylarda Toshkentda ayrim quruvchilar tomonidan qurilish me’yorlari va qonunchilik talablari buzilishi holatlari ko‘plab aniqlandi. Ba’zilari zarur ruxsat beruvchi hujjatlar, ekspertiza xulosalari va texnik ma’lumotnomalarni olmasdan qurilishni boshlab, fuqarolarga noqonuniy ravishda uy-joy sotishga uringan.

Xabarda aytilishicha, nazorat va monitoring ishlari davom ettirilmoqda, har bir qonunbuzarlik holati bo‘yicha qonuniy choralar ko‘riladi.

Toshkent shahar hokimligi uy-joy xarid qilishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi va quyidagilarni tavsiya qildi:

  • sotib olayotgan ko‘chmas mulkingizga oid barcha hujjatlarning asl nusxalarini (kadastr, ekspertiza xulosalari va kengash qarorlari, texnik ko‘rik dalolatnomasi) talab qiling va ularni sinchkovlik bilan tekshiring;
  • sotuvchilarga pulni naqd yoki norasmiy yo‘llar bilan bermang, shartnomaning barcha bandlarini diqqat bilan o‘rganib chiqing;
  • quruvchi yoki obyektning qonuniyligi xususida ozgina shubha tug‘ilsa, shuningdek, kompaniya hujjatlarni taqdim etishni paysalga solsa, Toshkent shahar hokimligining rasmiy botiga murojaat eting. Sizga obyektning qonuniy maqomi haqida ma’lumot beriladi.

Hokimlik tadbirkorlar va quruvchilarni qurilish yoki savdo faoliyatini boshlashdan avval barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirib olishga chaqirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent markazidagi “Brodvey” va unga tutash hududlar yangilanadi
/
Toshkent markazidagi “Brodvey” va unga tutash hududlar yangilanadi
UzNIF aksiyalari ilk bor “Toshkent” RFBning Premium segmentiga kiritildi
/
UzNIF aksiyalari ilk bor “Toshkent” RFBning Premium segmentiga kiritildi
Biznes ovozi eshitildi: jarimalar pasayishi ishlab chiqaruvchilarga turtki beradi
/
Biznes ovozi eshitildi: jarimalar pasayishi ishlab chiqaruvchilarga turtki beradi