“Toshkent” Respublika fond birjasi yangi brendini taqdim etdi
Yangilangan vizual qiyofa birjaning raqamlashtirish, institutsional transformatsiya va xalqaro kapital bozorlariga integratsiyalashuv jarayonlarini aks ettiradi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan “Toshkent” Respublika fond birjasi o‘zining yangilangan brendini taqdim etdi.
Birjaning yangi vizual qiyofasi logotip va dizayn elementlarining yangilanishi bilan cheklanmaydi. U tashkilotda amalga oshirilayotgan institutsional transformatsiya, raqamlashtirish va xalqaro standartlarga moslashuv jarayonlarining vizual ifodasi sifatida taqdim etilmoqda.
“Toshkent” Respublika fond birjasi 1994-yildan buyon O‘zbekiston kapital bozori bilan birga rivojlanib kelmoqda. Birjaning avvalgi logotiplarida qo‘llangan tuya ramzi bardoshlilik, ishonch va uzluksiz harakat timsoli sifatida talqin qilingan.
Yangi logotipda esa birja faoliyatining raqamli muhiti aks ettirilgan. Undagi nuqta va piksellar ma’lumotlar oqimi, birja bitimlari hamda bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro aloqani ifodalaydi. Kompozitsiyaning yuqoriga yo‘nalgan shakli esa birja kotirovkalari grafigi orqali o‘sish va rivojlanish g‘oyasini aks ettiradi.

Logotipda “Tashkent Stock Exchange” nomidan foydalanilishi Birjaning xalqaro yo‘nalishini kuchaytirishga qaratilgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, yangi vizual qiyofada birjaning tarixiy qadriyatlari zamonaviy texnologiyalar va rivojlanish tamoyillari bilan uyg‘unlashtirilgan.
Kapital bozori yangi bosqichga chiqmoqda
O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish doirasida yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini kengaytirish jarayoni davom etmoqda. Milliy kapital bozorining xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiyasi ham kuchaymoqda.
Xususan, UzNIF aksiyalarining “Toshkent” Respublika fond birjasi va London fond birjasidagi ommaviy taklifi o‘tkazildi. Shuningdek, ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirildi.
Ayni paytda kapital bozorining huquqiy asoslarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Birja yangi brendini kapital bozorida amalga oshirilayotgan ushbu o‘zgarishlarning mantiqiy davomi sifatida ko‘rmoqda. Tashkilot kelgusida birja infratuzilmasini rivojlantirish, yangi moliyaviy instrumentlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish hamda O‘zbekiston kapital bozorining xalqaro moliya bozorlariga integratsiyasini davom ettirishni maqsad qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ