Prezident 30-noyabrgacha biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifini ma’qulladi
Endilikda barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkazilib, 246 trln so‘mlik kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi kamaytiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 mln 47 ming nafarni tashkil etdi. Ro‘yxatga olish jarayonida amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritildi.
Hududlar kesimida ham aholi soni bo‘yicha farqlar aniqlandi. Jumladan, Jizzax viloyatida amaldagi ma’lumotlarga nisbatan aholi 2,7%, Namanganda 1,3%, Surxondaryoda 0,9% va Qashqadaryoda 0,7% kam ekani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent tumanida aholi soni avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar ko‘p, Andijon shahrida esa 15,8% kam ekani aniqlandi.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi ham aniqlashtirildi. Uning 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.
Ro‘yxatga olish jarayonlarining raqamlashtirilishi hisobiga xarajatlar aholi jon boshiga 1,5 ming so‘mdan oshmagan. Bu MDH mamlakatlaridagi ko‘rsatkichdan 15 barobar kam. Jarayonlarning 82,3%i internet orqali amalga oshirilgan va barcha ishlar 15 kunda yakunlangan.
Ro‘yxatga olish ma’lumotlari asosida aholi va qishloq xo‘jaligining doimiy yangilanib boradigan statistik registrlari shakllantiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga oid 100 ta, qishloq xo‘jaligi va ekin maydonlariga oid 50 ta ko‘rsatkich yangilanadi.
Biznesni ro‘yxatga olish o‘tkaziladi
Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23% yoki 246 trln so‘mni tashkil etmoqda. Qishloq xo‘jaligida umumiy aylanmaning 60%i ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mehnat bilan band 15,2 mln aholining 6,5 mln nafari yoki 42%ining daromadlari rasmiy hisobda to‘liq aks etmayapti. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes subyektlari amalda faoliyat yuritmayotgani aniqlangan.
Shu munosabat bilan 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrgacha biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifi ma’qullandi. Uning doirasida mamlakatdagi barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkazilib, ularning holati, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimoti aniqlashtiriladi.
Natijada korxona va tashkilotlarning statistik registrlari yangilanib, tanlanma kuzatuvlar uchun ishonchli ma’lumotlar bazasi yaratiladi.
Statistika tizimida raqamlashtirish kengaytiriladi
Milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejaga ko‘ra, tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, ma’lumotlarga ishlov berish vaqtini 20% ga, xarajatlarni esa 25% ga kamaytirish maqsad qilingan.
Ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirish uchun Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi. Komissiya 2026-yil 1-dekabrgacha davlat organlari va tashkilotlaridagi ma’lumotlarni boshqarish tizimlarini xatlovdan o‘tkazadi.
2027-yil 1-iyulgacha Milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Platforma davlat ma’lumotlarini yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda tahliliy va raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu sanagacha statistik ma’lumotlarni sun’iy intellekt tizimlari o‘qiy oladigan formatlarda e’lon qilish ham ko‘zda tutilgan. Statistik ko‘rsatkichlarni taqqoslash va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi sun’iy intellekt agentlari joriy etiladi.
2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid ma’lumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.
Bundan tashqari, davlat idoralari uchun “Ochiq ma’lumotlar reytingi” joriy etiladi va ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv bo‘yicha maxsus maktab tashkil etiladi. Unda davlat organlari, biznes, OAV, tadqiqotchilar va talabalar uchun biznes-tahlil, sun’iy intellekt, ma’lumotlar jurnalistikasi va vizualizatsiya bo‘yicha dasturlar yo‘lga qo‘yiladi.
Taqdimotda “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unda statistika tizimini raqamli transformatsiya qilish, xalqaro standartlarni joriy etish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish hamda ochiq statistikani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Prezident aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini shakllantirish hamda hudud va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ