2025-yilda Toshkent ofis bozori barqaror natija qayd etdi
Bo‘sh maydonlar qisqarib, ijara narxlari o‘rtacha 7,1% ga oshdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil Toshkent ofis bozori uchun barqarorlashuv davri bo‘ldi. Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) hisobotiga ko‘ra, yangi ofislar qurilishi kamayganiga qaramay, bo‘sh maydonlar qisqarib, ijara stavkalari mo‘’tadil o‘sdi.
Yil yakuniga ko‘ra, ofis bozorining umumiy hajmi 754,4 ming kv.metrni tashkil etdi. Shundan 591,2 ming kv.metr maydon ijaraga berish uchun mo‘ljallangan. Yil davomida ijaraga yaroqli fond 10,2% ga oshdi, biroq yangi qurilish hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 60% ga kamaydi.
2025-yil oxiriga kelib, bo‘sh ofis maydonlari 94,9 ming kv.metrga tushib, umumiy fondning 16% ini tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 25% bo‘lgan. Ayniqsa, A/A+ va B/B+ segmentlarida bo‘sh joylar sezilarli kamaydi.
Mutaxassislar sifatli yer uchastkalari tanqisligi va muhandislik tarmoqlariga ulanishdagi muammolar developerlar uchun asosiy to‘siq bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Bu holat loyihalar muddatining cho‘zilishiga va xarajatlarning oshishiga olib kelmoqda.
Ijara stavkalari quyidagicha shakllandi:
- A/A+ segmentida — 1 kv.m uchun oyiga $30–$40;
- B/B+ segmentida — $20–$35.
Umuman olganda, ijara narxlari bir yil ichida o‘rtacha 7,1% ga oshdi. Ijarachilar, asosan, tayyor ta’mirga ega va infratuzilmasi rivojlangan ofislarni afzal ko‘rmoqda. Ta’mirsiz obyektlar esa sekinroq to‘ldirilmoqda.
CMWP tahliliga ko‘ra, 2025-yilda talab markaziy va ishbilarmonlik hududlaridagi sifatli ofislarga yo‘naltirildi. Eski va kam qulay joylashgan binolar esa narx bosimiga duch kelmoqda.
Natijada, Toshkent ofis bozori yangi qurilishlarning kamayishi, vakantlikning qisqarishi va ijara narxlarining o‘sishi fonida muvozanatli rivojlanish bosqichiga kirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ