Toshkentga 2027-yilgacha $19 mlrd investitsiya jalb qilinadi

Shuningdek, “Toshkent Invest” bilan hamkorlikda 2031-yilgacha renovatsiya hududlaridagi mulkdorlar uchun “kvartiralar banki” tashkil etiladi

Toshkentga 2027-yilgacha $19 mlrd investitsiya jalb qilinadi

Prezidentning Toshkent shahrini 2026–2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan poytaxtni 2026–2027-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yilda Toshkent shahrida yalpi hududiy mahsulot hajmini 11,7% ga, sanoat ishlab chiqarishini 8,5% ga, bozor xizmatlari hajmini 19% ga, qurilish ishlari hajmini esa 17,3% ga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2026-yilda $9 mlrd, 2027-yil yakuniga qadar esa qo‘shimcha $10 mlrd miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish vazifasi belgilandi.

Qarorda Toshkentga tashrif buyuradigan sayyohlar sonini oshirish maqsadida tarixiy, madaniy va ko‘ngilochar obyektlarni rivojlantirish choralari ham nazarda tutilgan.

Poytaxtni rivojlantirish strategiyasi, tegishli dasturlar hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish uchun xalqaro konsalting kompaniyalari va xorijiy ekspertlar jalb etiladi. Ularning xizmatlari Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “taklif so‘rovi” asosida moliyalashtiriladi.

Qaror bilan “Toshkent Invest” kompaniyasiga tajriba tariqasida 2031-yilgacha renovatsiya hududlaridagi mulkdorlar uchun “kvartiralar banki”ni tashkil etishga ruxsat berildi.

Mazkur tizim orqali uy-joylar renovatsiya hududidagi mulkdorlarga kompensatsiya sifatida yoki ular yangi xonadonga ko‘chib o‘tguniga qadar vaqtinchalik ijara asosida taqdim etiladi. Xonadonlarni qayta taqsimlash tartibi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

“Kvartiralar banki”ni shakllantirish Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Turar va noturar joylar “taklif so‘rovi” asosida xarid qilinadi.

Bundan tashqari, renovatsiya amalga oshiriladigan hududlardagi davlat mulki hisoblangan ko‘chmas mulklar utilizatsiya qiymati bo‘yicha “Toshkent Invest” tasarrufiga o‘tkaziladi. Davlat korxonalariga tegishli ko‘chmas mulklar esa mustaqil baholovchi belgilagan qiymatda kompaniyaga uch yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.

Shuningdek, renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan hududlardagi davlat ko‘chmas mulk obyektlari “Toshkent Invest”ning ustav kapitaliga utilizatsiya qiymati bo‘yicha o‘tkaziladi.

Kompaniya renovatsiya doirasida qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan turar va noturar obyektlarni onlayn auksionlar orqali sotishi mumkin. Tayyor biznes obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bo‘yicha pudratchilar esa amaldagi tartib asosida tanlab olinadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Samarqandda $22 mlnlik yangi sayyohlik majmuasi ish boshladi
/
Samarqandda $22 mlnlik yangi sayyohlik majmuasi ish boshladi
Poytaxtbank kapital bozori “regulyator qumdoni”ga qo‘shildi
/
Poytaxtbank kapital bozori “regulyator qumdoni”ga qo‘shildi
Bank tizimidagi islohotlar — aholiga qulay va zamonaviy xizmatlar sari muhim qadam
/
Bank tizimidagi islohotlar — aholiga qulay va zamonaviy xizmatlar sari muhim qadam