O‘zbekiston 9 oyda $1,6 mlrdlik tabiiy gaz import qildi
Gaz importi 49,9% ga oshgan davrda mamlakat 357,9 mln dollarlik gazni eksport qilgan
Фото: РИА
2026-yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $65,4 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 6,3% ga ko‘p. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Hisobot davrida eksport hajmi $25,8 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5% ga kamaydi. Import esa $39,6 mlrdga yetib, 15,7% ga o‘sdi.
Oltin hisobga olinmaganda, tovarlar eksporti 31,6% ga o‘sib, $13,3 mlrdni tashkil etdi.
O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori Xitoy bo‘ldi. Yanvar-sentyabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $15,16 mlrddan oshdi. Rossiya bilan savdo $10,5 mlrd, Qozog‘iston bilan $4,25 mlrd, Turkiya bilan $2,24 mlrdni tashkil etdi. Kuchli beshlikdan $1,6 mlrdlik savdo hajmi bilan Afg‘oniston ham joy oldi.
Eksportda xizmatlar va sanoat tovarlari yetakchi
To‘qqiz oyda xizmatlar eksporti $9,7 mlrdga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,1% ga ko‘p bo‘lib, jami eksportning qariyb 37,6% ni tashkil etdi.
Xizmatlar eksportida turizm $5,33 mlrd, transport xizmatlari esa $2,9 mlrd tushum keltirdi.
Shuningdek, $3,8 mlrdlik sanoat tovarlari eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich yillik hisobda 27,6% ga oshgan.
Oltin eksporti esa $2,8 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 baravar kamaydi. Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti $1,98 mlrdga yetdi.
Bundan tashqari, hisobot davrida xorijga $357,9 mlnlik gaz va $145,8 mlnlik elektr energiyasi sotildi.
Importda avtomobillar va transport uskunalari katta ulushga ega
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport uskunalariga to‘g‘ri keldi. Ularning xaridi $12,85 mlrdni tashkil etib, jami importning 32,5% ga teng bo‘ldi.
Shundan $3,22 mlrd yengil avtomobillar importi hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,4% ga ko‘p.
Boshqa yirik import yo‘nalishlari sanoat tovarlari ($5,75 mlrd), xizmatlar ($5,15 mlrd) va kimyoviy vositalar ($4,8 mlrd) bo‘ldi.
Yanvar-sentyabr oylarida mineral yoqilg‘i mahsulotlari importi $3,36 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 21,6% ga ko‘p.
Ushbu toifadagi mahsulotlar orasida tabiiy gaz importi $1,6 mlrdga yetib, 49,9% ga oshdi. Benzin xaridi esa $454 mlnni tashkil etib, 33,6% ga ko‘paydi.
Oziq-ovqat importida ham o‘sish kuzatildi. To‘qqiz oyda $779,3 mlnlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari xarid qilindi. Bu yillik hisobda 32,2% ga ko‘p.
Shakar, shakardan tayyorlangan mahsulotlar va asal importi esa $521,2 mlnga yetib, 35,9% ga oshdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ