Zafar Hoshimov tijorat ijarasi uchun alohida huquqiy rejim joriy etishni taklif qildi
Ijara haqining asossiz oshirilishi va tadbirkor kiritgan investitsiyalarning himoya qilinmagani biznes uchun jiddiy xatar tug‘dirmoqda
Korzinka asoschisi Zafar Hoshimov 18-avgust kuni Xorazm viloyatida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tijorat ijarasi munosabatlarini tartibga solish uchun alohida huquqiy mexanizm joriy etishni taklif qildi.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, ayniqsa kichik biznes uchun ijara munosabatlari faoliyatni boshlash va kengaytirishda katta ahamiyatga ega. Biroq amaldagi tizimda ijara shartnomalarining qisqa muddatga tuzilishi va munosabatlarning barqaror emasligi tadbirkorlar uchun jiddiy tavakkalchilik tug‘dirmoqda.
Tadbirkor joyga sarmoya qiladi, ammo shartnoma barqaror bo‘lmasligi mumkin
Zafar Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, biznes boshlayotgan yoki faoliyatini kengaytirayotgan tadbirkor ijaraga olgan joyiga qo‘shimcha mablag‘ sarflaydi.
U binoni ta’mirlaydi, reklama qiladi, xaridorlarni shakllantiradi va biznesini aynan shu joy bilan bog‘laydi. Ammo ijara munosabatlari barqaror bo‘lmasa, bu sarmoyalar xavf ostida qolishi mumkin.
Ijaraga olgan tadbirkor o‘sha joyni ta’mirlaydi, o‘sha yerga pul tikadi, o‘sha yerda reklama qiladi, o‘sha yerga xaridorlarni o‘rgatadi. Agar o‘sha munosabatlar barqaror bo‘lmasa, bu tadbirkor uchun katta tahlikadir, — dedi Zafar Hoshimov.
Uning qayd etishicha, ayrim holatlarda ijaraga beruvchilar ta’sirida shartnomalar qisqa muddatga tuzilmoqda.
Biznes reja va biznes istiqbol uzoq muddatli, shartnoma qisqa muddatli bo‘ladi-da, keyin agar uning biznesi yaxshi yurib ketsa, mulkni ijaraga beruvchi kelib, narxini asossiz va haddan tashqari ko‘tarish hollari bo‘ladi, — dedi tadbirkor.
Shu sababli u ijara munosabatlarida tadbirkor va mulkdor manfaatlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlaydigan huquqiy mexanizm zarurligini bildirdi.
Yashirin ijara haqlari
Zafar Hoshimov yana bir muammo sifatida ijara haqining rasmiy va norasmiy qismlarga ajratilishini tilga oldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar ijara haqining bir qismini rasmiy tartibda, boshqa qismini esa naqd pulda, ya’ni “konvertda” to‘lash amaliyotini davom ettirmoqda.
Men tadbirkorlarga aytmoqchimanki, shu an’anani to‘xtatishimiz kerak, — dedi u.
Hoshimovning ta’kidlashicha, ijara uchun to‘langan mablag‘larni rasmiy ravishda xarajat sifatida ko‘rsatish tadbirkorning soliq bazasini qisqartiradi. Shu bois to‘lovlarni to‘liq rasmiylashtirish nafaqat davlat, balki ijara oluvchi va ijaraga beruvchi uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi.
Uning fikricha, ko‘pchilik tadbirkorlar hali ham eski amaliyotdan voz kechmagan va bu borada tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarur.
Tadbirkor kiritgan investitsiya qanday himoya qilinadi?
Korzinka asoschisi alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yana bir masala — tadbirkor ijaraga olingan obyektga kiritgan investitsiyalarni himoya qilish ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar ijara shartnomasi asossiz ravishda bekor qilinsa, tadbirkorning binoni ta’mirlash, jihozlash va boshqa maqsadlarga sarflagan mablag‘lari xavf ostida qoladi.
Tadbirkor o‘sha joyga investitsiya kiritganda, investitsiyalarni muhofaza qilish, ya’ni asossiz ijara shartnomalari buzilganda, tadbirkorning o‘sha kiritgan investitsiyalarini himoya qilish ham bu katta savol, — dedi Zafar Hoshimov.
Shu munosabat bilan u “tijorat ijarasi” uchun alohida huquqiy rejim joriy etish taklifini bildirdi.
Taklifga ko‘ra, tijorat maqsadida binolarni ijaraga olayotgan tadbirkorlar uchun uzoq muddatli munosabatlarni shakllantirish, shartnomalarning barqarorligini ta’minlash hamda tadbirkorlar uchun kafolatlarni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.
Shu bilan birga, tadbirkor bu masalani mulkdorlar va ijarachilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik sifatida ko‘rmayotganini ta’kidladi.
Men mulkdorlar va tadbirkorlar orasida qarama-qarshilik demayapman. Bu yoqda muvozanatni ta’minlash payti keldi, deb o‘ylayman, — dedi Zafar Hoshimov.
Prezident ikki oy ichida takliflar tayyorlashni so‘radi
Zafar Hoshimovning taklifiga javoban prezident Shavkat Mirziyoyev tijorat va ko‘chmas mulk ijarasi munosabatlarini takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqilishini bildirdi.
Prezident Adliya vazirligi, mutasaddi idoralar va jamoatchilik kengashi bilan birgalikda masalani muhokama qilib, ikki oy ichida takliflar ishlab chiqilsa, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ