Saida Mirziyoyeva arxitektura-qurilish universitetidagi ta’lim jarayoni bilan tanishdi
OTMda dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga e’tibor qaratilmoqda
O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5-oktabr — Butunjahon arxitektura kunida Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga tashrif buyurdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozdi.
Universitetda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha qariyb 10 ming talaba tahsil oladi. 2021-yildan yangi kampusda faoliyat yuritayotgan oliygoh o‘tgan yildan dual ta’limni yo‘lga qo‘ydi. Bu yerda ma’muriy, ta’lim va ilmiy jarayonlarga raqamli yechimlar joriy etilmoqda, ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirilyapti. Kampus “ilg‘or innovatsion yechimlar maydoniga aylanmoqda”, dedi Prezident administratsiyasi rahbari.
Yurtimiz shaharlari o‘z-o‘zidan zamonaviy va yashil makonga aylanib qolmaydi. Buning uchun keng fikrlaydigan, noan’anaviy g‘oyalarni ilgari suradigan, ekologik barqaror arxitektura va muhandislik yechimlarini ishlab chiqadigan hamda ularni amaliyotga tatbiq eta oladigan yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tarbiyalash juda muhim, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil noyabrdagi qarori bilan Toshkent arxitektura-qurilish instituti “muhandislik”, “arxitektura”, “qurilish” va “qurilish materiallari texnologiyasi” yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan universitet etib qayta tashkil etilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ