Latviya O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni cheklash zarur emasligini bildirdi — TIV

Diplomatik muzokaralardan so‘ng Latviya tomoni mavjud tartibga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ma’lum qilgan

Latviya O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni cheklash zarur emasligini bildirdi — TIV

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Latviya Ichki ishlar vazirligining O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha cheklash taklifiga munosabat bildirdi. TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning Gazeta’ga ma’lum qilishicha, diplomatik muzokaralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatni o‘zgartirish zarur emasligini bildirgan.

Avvalroq Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava 29-sentabr kuni O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni muayyan muddatga to‘xtatib turish masalasini hukumat majlisida ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi.

Vazir buni bir necha O‘zbekiston fuqarosi Latviyaga kelganidan ko‘p o‘tmay, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sodir etgani bilan izohlagan. Uning taklifiga ko‘ra, vaqtinchalik cheklovdan O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilish va jamoat tartibi hamda xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan shaxslarning Latviyaga kirib kelishining oldini olishda foydalanish ko‘zda tutilgan.

Biroq masala hukumat yig‘ilishi kun tartibiga kiritilmagan. Ichki ishlar vazirligi uni keyingi yig‘ilishlardan birida ko‘rib chiqishga umid qilgan.

O‘zbekiston TIV diplomatik choralar ko‘rgan

Omonulla Fayziyevning aytishicha, viza berishni cheklash rejalari haqidagi xabarlar tarqalishi bilan O‘zbekiston TIV diplomatik choralarni boshlagan.

O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi Latviya Bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari hamda Prezident administratsiyasi vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgan. TIV Konsullik-huquqiy departamenti esa Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan muloqot olib borgan.

Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasi yetkazildi. Ko‘rilgan diplomatik choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ilgari surdi, — dedi Omonulla Fayziyev.

U O‘zbekiston Latviya bilan shakllangan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yuksak qadrlashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Latviya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan biri bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va migratsiya sohalaridagi aloqalar izchil rivojlanmoqda.

TIV vakili xorijda bo‘lgan yoki chet elga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini tegishli mamlakat qonunlariga qat’iy rioya qilish, milliy urf-odat va an’analarni hurmat qilish hamda o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.

Uning qayd etishicha, ayrim shaxslarning huquqbuzarliklari nafaqat ularning o‘zlariga, balki xorijda qonuniy asosda o‘qiyotgan, ishlayotgan, sayohat qilayotgan yoki yashayotgan boshqa O‘zbekiston fuqarolariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Latviya O‘zbekiston fuqarolarining ayrim toifalariga viza berishni taklif qilgan

Avvalroq Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarining faqat ayrim toifalaridan viza olish uchun arizalar qabul qilishni taklif qilgan edi.

Ular qatoriga Latviya fuqarolarining oila a’zolari, Latviyada yashash huquqiga ega O‘zbekiston fuqarolarining yaqinlari, Yevropa Ittifoqi, Yevropa iqtisodiy hududi yoki Shveysariya fuqarolarining oila a’zolari, gumanitar sabablarga ko‘ra Latviyaga kelayotganlar hamda yuk va yo‘lovchi tashish kompaniyalarida ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolari kiradi.

Ikki O‘zbekiston fuqarosi Latviyadan chiqarib yuboriladi

1-oktabr kuni Latviya ichki ishlar vaziri Karnikavada oqqushni qiynagan ikki O‘zbekiston fuqarosining vaqtincha yashash ruxsatnomalari bekor qilinganini ma’lum qilgan.

Ularga mamlakatni tark etish uchun yetti kun berilgan. Agar ular Latviyani ixtiyoriy ravishda tark etmasa, majburiy deportatsiya qilinadi.

Sentabr oyida Riga sudi voyaga yetmaganlar huzurida Karnikavada oqqushni qiynagan ikki erkakni aybdor deb topgan. Ular qariyb to‘rt yil muddatga probatsiya nazoratiga hukm qilingan va to‘rt yil davomida har qanday turdagi hayvonlarni saqlash taqiqlangan. Ayblanuvchilar jazo bo‘yicha prokuror bilan kelishuvga erishgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Saida Mirziyoyeva arxitektura-qurilish universitetidagi ta’lim jarayoni bilan tanishdi
/
Saida Mirziyoyeva arxitektura-qurilish universitetidagi ta’lim jarayoni bilan tanishdi
O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish 9% ga oshdi
/
O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish 9% ga oshdi
O‘zbekiston aholisining qariyb yarmi jamg‘armaga ega emas — Markaziy bank
/
O‘zbekiston aholisining qariyb yarmi jamg‘armaga ega emas — Markaziy bank