Markaziy bank telefon raqami orqali hisobdan hisobga pul o‘tkazish tartibini tasdiqladi
Yangi qoidalar 26-noyabrdan kuchga kiradi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlari o‘rtasida Tezkor to‘lovlar tizimi (TTT) orqali telefon raqami yordamida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tartibini tasdiqladi. Tegishli nizom 24-avgust kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Hujjat bank hisobvarag‘idan boshqa bank hisobvarag‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini (A2A) amalga oshirishni tartibga soladi. Operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalanuvchi o‘z bank hisobvarag‘iga bog‘lagan mobil telefon raqamidan foydalaniladi.
Bitta telefon raqamiga faqat bitta bank hisobvarag‘ini bog‘lash mumkin bo‘ladi. Bog‘lamalar hisobini yuritish Bank depozitorlarining milliy axborot bazasi orqali amalga oshiriladi.
Hisobvaraqni telefon raqamiga bankning mobil ilovasi orqali bog‘lash mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish muvaffaqiyatli yakunlangach, Milliy axborot bazasi bank va foydalanuvchiga maxsus bog‘lash kodini taqdim etadi.
Ushbu kod pul o‘tkazmasi vaqtida oluvchini aniqlash uchun — to‘g‘ridan-to‘g‘ri kod yoki unga bog‘langan telefon raqami orqali ishlatiladi. Foydalanuvchi kodni qabul qilganidan so‘ng telefon raqami bank hisobvarag‘iga bog‘langan hisoblanadi.
Foydalanuvchi telefon raqami va hisobvarag‘i o‘rtasidagi bog‘lamani mobil ilova yoki bank filialiga murojaat qilish orqali mustaqil ravishda bekor qilishi mumkin. Bank esa foydalanuvchi ilovadagi hisobini o‘chirganida yoki uni terrorizmni moliyalashtirish yoxud ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritilganida bog‘lamani bekor qilishi mumkin.
TTT orqali pul o‘tkazmalarini sutka davomida, real vaqt rejimida amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Buning uchun banklarning mobil ilovalari yoki to‘lov topshiriqnomasi asosida bank filiallaridan foydalanish mumkin.
Turli banklardagi hisobvaraqlar o‘rtasida pul o‘tkazishda jo‘natuvchi mablag‘ oluvchining bankini tanlashi va zarur bank rekvizitlarini olishi mumkin. Jo‘natuvchining banki texnik hujjatni shakllantirib, to‘lovni kliring tizimi orqali amalga oshirish uchun uni TTTga yuboradi.
Agar jo‘natuvchi va oluvchining hisobvaraqlari bir bankda ochilgan bo‘lsa, operatsiya bank ichidagi to‘lov sifatida amalga oshiriladi. O‘tkazmani yakunlash uchun jo‘natuvchi va oluvchi bank tomonidan yakuniy tasdiq talab etiladi.
Operatsiya yakunlanganidan so‘ng jo‘natuvchiga pul o‘tkazmasi haqidagi hujjat taqdim etiladi. Unda operatsiya sanasi va vaqti, tranzaksiyaning yagona raqami (BID), jo‘natuvchi va oluvchining ma’lumotlari, hisobvaraqlar raqamlari, oluvchining telefon raqami yoki kodi, o‘tkazma summasi hamda komissiya ko‘rsatiladi.
Operatsiyalarni amalga oshirishda banklar kiberxavfsizlik hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi talablarga rioya qilishi kerak.
Yangi qoidalar rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib — 26-noyabrdan kuchga kiradi.
Mart oyi oxirida Markaziy bank TTT negizida bank hisobvaraqlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini (A2A) texnik jihatdan ishga tushirgani haqida ma’lum qilgan edi. Bunday operatsiyalar uchun komissiya miqdorini har bir bank o‘z tarif siyosatiga muvofiq mustaqil ravishda belgilaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ