Tailand O‘zbekiston uchun vizasiz rejim muddatini qisqartirdi

Qaror noqonuniy biznes va xorijliklar ishtirokidagi jinoyatlarga qarshi kurash bilan izohlandi

Tailand O‘zbekiston uchun vizasiz rejim muddatini qisqartirdi

Tailand hukumati O‘zbekistonni ham o‘z ichiga olgan 93 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim muddatini 60 kundan 30 kungacha qisqartirishga qaror qildi. Bu haqda Thai PBS xabar berdi.

Shuningdek, bir nechta turdagi vizalardan foydalanish imkoniga ega davlatlar uchun maxsus qoidalarni ham o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha erkin kirish muddati 15 kungacha qisqartirilishi mumkin.

Tailand turizm va sport vaziri Surasak Pancharoenvorakulning ma’lum qilishicha, vakolatli qo‘mita har bir davlat bo‘yicha vaziyatni alohida tahlil qiladi. Bunda iqtisodiy manfaatlar va milliy xavfsizlik omillari inobatga olinadi. Vazirning ta’kidlashicha, mamlakat rahbariyati sayyohlar sonini shunchaki oshirish emas, balki to‘lov qobiliyatiga ega mehmonlarni jalb etishni maqsad qilgan.

Cheklovlar avvalgi tartibdan noqonuniy foydalanish holatlari ko‘paygani sabab joriy etilmoqda. Huquq-tartibot organlari ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim xorijliklar ikki oylik vizasiz muddatdan yashirin biznes yuritish, noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish yoki xalqaro jinoiy guruhlar faoliyatida ishtirok etish uchun foydalangan.

Turizm vazirligi yangi qoidalar sayyohlar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, xorijiy mehmonlar odatda Tailandda o‘rtacha to‘qqiz kun qoladi.

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni 2024-yil iyul oyida joriy qilgan edi. O‘shanda mamlakat hukumati viza yig‘imlari hisobidan $335 mln daromad kamayishini prognoz qilgan, biroq turizm sohasidagi o‘sish bu yo‘qotishlarni qoplashini kutgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

TBC Uzbekistan biznes uchun to‘liq raqamli ish haqi loyihasini ishga tushirdi
/
TBC Uzbekistan biznes uchun to‘liq raqamli ish haqi loyihasini ishga tushirdi
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida Biznes kengashi tashkil etiladi
/
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida Biznes kengashi tashkil etiladi
1-iyulda mudofaa tizimi xodimlarining ish haqi 20% ga oshiriladi
/
1-iyulda mudofaa tizimi xodimlarining ish haqi 20% ga oshiriladi