Endilikda suv resurslari uchun soliqlar yerlarning suv bilan ta’minlanganligiga qarab belgilanishi mumkin

Suv ta’minoti sust hududlarda texnologiyalar joriy etilganda subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi

Endilikda suv resurslari uchun soliqlar yerlarning suv bilan ta’minlanganligiga qarab belgilanishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda mamlakatda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar 2,6 mln gektarga yetib, sug‘oriladigan yerlarning qariyb 60% ini tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2017-yilgacha atigi 19 ming gektar bo‘lgan. Natijada har yili o‘rtacha 2,5 mlrd kub metr suv tejalmoqda.

Taqdimotda 2028-yilgacha ushbu texnologiyalarni yana 930 ming gektar maydonda joriy etib, umumiy ko‘rsatkichni 3,5 mln gektarga yetkazish rejalari muhokama qilindi. Bu orqali yiliga 3,5 mlrd kub metr suvni tejash, 300 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash imkoniyati yaratiladi.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari taklif qilindi. Endilikda suv resurslari uchun soliq stavkalari va subsidiya miqdorlari yerlarning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Suv ta’minoti sust hududlarda texnologiyalar joriy etilganda subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarisiz, o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qilgan tashabbuskorlarga subsidiya berishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda subsidiya mablag‘larining 50% i oldindan ajratiladi.

Endilikda boshoqli don ekinlarida tomchilatib va diskret sug‘orish joriy qilingan maydonlar ham subsidiya bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi ham qoplab beriladi. G‘o‘za maydonlari uchun kreditlar noyabr oyidan ajratiladi.

Pudrat tashkilotlari suv tejovchi tizimlarga kamida 2 yil kafolat berishi va 5 yil servis xizmatini ko‘rsatishi shart bo‘ladi.

Nazorat tizimi ham kuchaytiriladi. Sholi va baliqchilik xo‘jaliklarida “aqlli” suv hisoblagichlar o‘rnatilib, ular “Suv hisobi” tizimiga ulanadi. Tekshiruvlarda videokameralar va dronlardan foydalaniladi.

Suv tejovchi texnologiyalardan maqsadsiz foydalanish yoki ularni ishlatmasdan an’anaviy sug‘orishga o‘tish suvdan noqonuniy foydalanish sifatida baholanadi.

Bundan tashqari, fermerlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasiga sudlarga murojaat qilishda davlat bojidan ozod etish taklif qilindi.

Kadrlar salohiyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 ming nafar fermer xodimlari malakasini oshiradi, 358 nafar mutaxassis xorijda tajriba orttiradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
/
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi