Kadastr boshqarmasi: 70 ta uy-joy hujjatlari soxta saytlar orqali tayyorlangan
Fuqarolardan my.gove.uz va ijra.gov.uz nomlari ostidagi soxta saytlardan ogoh bo'lish so'ralmoqda
Toshkent viloyati kadastr boshqarmasi fuqarolarni firibgarlardan ogohlantirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bir guruh shaxslar tomonidan fuqarolarga firibgarlik yo‘li bilan xizmat ko‘rsatish maqsadida soxta internet saytlar (xususan, my.gove.uz va ijra.gov.uz nomlari ostida) ishlab chiqilgani va ular orqali noqonuniy ravishda 70 ga yaqin uy-joyning arxiv hujjatlari tayyorlab berilgani aniqlangan.
Mazkur holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilib, aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llanilgan.
Kadastr agentligiga kelib tushadigan arizalar yagona rasmiy veb-sayt my.gov.uz portali bo‘lib, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish faqat shu tizim orqali amalga oshiriladi. Davlat xizmatlari faqat rasmiy manzillar orqali taqdim etiladi.
Yuqoridagi kabi boshqa domenlarda ochilgan sahifalarga ishonish mutlaqo mumkin emas.
Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan ariza topshirilganda, ularga my.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborilgan hujjatlarning nusxasi taqdim etiladi. Biroq, ushbu nusxalar asosida kadastr xodimlari hujjatning haqiqiy yoki soxta ekanligini tekshirish imkoniyatiga ega emas. Hujjatning haqiqiyligi faqat rasmiy elektron tizimlarda qayd etilgan ma‘lumotlar orqali tasdiqlanadi.
Hurmatli fuqarolar, hujjatlarni olishda faqat rasmiy manbalarga murojaat qiling, shubhali sayt yoki shaxslarga ishonib moliyaviy va huquqiy zarar ko‘rmaslik uchun ehtiyot bo‘ling, deyiladi xabar yakunida.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ