Soliq qo‘mitasi: olti nafar yirik bloger budjetga 3 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘lamagan
110 nafar bloger faoliyati o‘rganilib, ayrim inflyuenserlar reklama daromadlarini yashirgani aniqlandi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistondagi yirik kontent yaratuvchilari faoliyati o‘rganilganda milliardlab so‘mlik soliq to‘lovlari yashirilgani aniqlandi. Bu haqda 8-iyun kuni blogerlar bilan o‘tkazilgan onlayn muloqotda ma’lum qilindi.
Soliq qo‘mitasining Iqtisodiy tahlil va yashirin iqtisodiyotni monitoring qilish boshqarmasi bosh davlat soliq inspektori Kamola Axmedjanovaning ma’lum qilishicha, 110 nafar inflyuenser faoliyati tahlil qilingan.
Ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 22 nafari esa jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritayotgani aniqlangan. Mazkur blogerlar 2025-yilda jami 2,7 mlrd so‘m daromad deklaratsiya qilib, budjetga atigi 110 mln so‘m soliq to‘lagan.
Shuningdek, oltita yirik blogerning postlari va tijorat maqsadidagi storislari batafsil tahlil qilinganda, davlat budjetiga yetkazilgan hisobiy zarar 3,1 mlrd so‘mni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi vakili ushbu ko‘rsatkich mavjud tahliliy ma’lumotlar asosida shakllantirilgan dastlabki hisob-kitob ekanini ta’kidladi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur olti blogerning har biri Instagram’da 3 mln nafardan ortiq kuzatuvchiga ega. Ular o‘tgan yil davomida 184 ta reklama posti va 360 ta reklama storisi joylashtirgan. Ularning umumiy daromadi 26 mlrd so‘m deb baholanib, undan 3,1 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanishi lozim bo‘lgan.
Shuningdek, blogerlarga ularning faoliyati tijorat faoliyati hisoblanishi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi esa administrator va menejerlarni rasmiy ravishda ishga yollash imkonini bermasligi eslatib o‘tildi.
Ma’lum qilinishicha, blogerlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng yuridik maqom va amaldagi faoliyat o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish uchun ularga biznesini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha uch oy muddat berilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ