Soliq qo‘mitasi Paynet Xolis ilovasi bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
Ma'lum qilinishicha, foydalanish majburiy emas va majburlab o‘rnatish qonunchilikka zid
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Paynet’ning “Xolis” mobil ilovasidan foydalanish majburiy ekani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi. Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu ma’lumotlar noto‘g‘ri talqin qilingan.
Qayd etilishicha, “Xolis” mobil ilovasi yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, undan foydalanish majburiy emas.
Soliq qo‘mitasi, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda, tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning ixtiyoriy ravishda rasmiy sektorda ishlashini rag‘batlantirish uchun boshqa to‘lov tashkilotlari bilan ham yangi raqamli yechimlar ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Bu boradagi yangiliklar soliq to‘lovchilarga o‘z vaqtida yetkazilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2025-yil 12-avgustdagi 247-sonli qarorga muvofiq, raqamli platformalar soliq organlarining axborot tizimlariga to‘liq integratsiya qilingan bo‘lishi hamda ularni yaratgan to‘lov tashkilotlari maxsus soliq rejimlari foydalanuvchilari yoki dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari bo‘lmasligi lozimligi eslatildi.
Mazkur jihatdan, Paynet aksiyadorlik jamiyati texnologik park rezidenti hisoblanmasligi qayd etildi. Shu sababli soliq idoralari Paynet’ning “Xolis” mobil ilovasini ixtiyoriy yuklab olishni tavsiya etmaydi.
Agar soliq xodimlari tomonidan ushbu ilovani majburiy tarzda o‘rnatishga undash holatlari kuzatilsa, tadbirkorlar 1198 qisqa raqami orqali yoki hududiy soliq organlariga murojaat qilishlari mumkin.
Soliq qo‘mitasi maqsadi yagona ekanini — ya’ni tadbirkorlarni yaratilgan qulayliklar haqida o‘z vaqtida xabardor qilish va ularning qonuniy hamda shaffof faoliyati uchun sharoit yaratish ekanini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ