Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalari ommaviy nazorat qilinmasligini ma’lum qildi
Idora 500 BHMdan oshadigan kartadan kartaga o‘tkazmalar bo‘yicha ma’lumotlarni olish tashabbusi yuzasidan Markaziy bank tanqidiga munosabat bildirdi
Фото: Kapital.uz
Soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumotlarni banklardan olish tashabbusi yuzasidan Markaziy bank bildirgan e’tirozlarga munosabat bildirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida banklarga jismoniy shaxslarning kartalariga kelib tushgan mablag‘lar haqida Soliq qo‘mitasiga ma’lumot taqdim etish majburiyatini yuklash taklif qilingan edi. Loyiha bo‘yicha, agar bir oy davomida boshqa shaxslardan kelgan o‘tkazmalar jami 500 BHMdan (206 mln so‘m) oshsa, ushbu ma’lumotlar soliq organlariga taqdim etiladi. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi o‘tkazmalar bundan mustasno bo‘lishi rejalashtirilgan.
Soliq qo‘mitasi Markaziy bankning pozitsiyasini hurmat qilishini bildirar ekan, P2P o‘tkazmalarning o‘zi soliqqa tortish obyekti hisoblanmasligini ta’kidladi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, tashabbus fuqarolarning pul mablag‘larini ommaviy nazorat qilishni nazarda tutmaydi. Asosiy maqsad — xalqaro standartlarga mos ravishda banklar bilan ma’lumot almashishning xavfsiz mexanizmini yaratish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va bank tizimiga bo‘lgan ishonchni saqlab qolishdan iborat.
Qo‘mita, shuningdek, bunday ma’lumotlarni taqdim etish amaldagi qonunchilikda ham nazarda tutilganini eslatdi. Qayd etilishicha, Konstitutsiyaning 41-moddasi bank omonatlari daxlsizligini kafolatlasa-da, bank siri bilan bog‘liq ma’lumotlarni taqdim etish tartibi “Bank siri to‘g‘risida”gi qonun va Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi. Ushbu hujjatlar soliqqa oid masalalar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni taqdim etishga ruxsat beradi.
Avvalroq Markaziy bank mazkur loyiha yuzasidan e’tiroz bildirgan edi. Regulyator raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliev Kursiv nashriga bergan intervyusida loyiha Konstitutsiya normalariga zid bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
Markaziy bankga ko‘ra, ushbu tartibning joriy etilishi fuqarolar huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, mablag‘larning rasmiy moliya tizimidan chiqib ketishi, naqd pul aylanmasi va yashirin iqtisodiyot ulushi ortishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, regulyator 500 BHM miqdoridagi chegaraning qanday asosda tanlangani izohlanmaganini, bank tizimida ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash mexanizmlari allaqachon mavjudligini qayd etgan.
Mazkur qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 8-iyul kuni yakunlandi. Hozircha hujjat tasdiqlanmagan. Soliq qo‘mitasi barcha takliflar, jumladan Markaziy bankning mulohazalari ham batafsil o‘rganilib, zarurat tug‘ilganda loyiha qayta ishlanishini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ