“O‘zbekneftgaz”: avgust oyidagi avariyalar gaz qazib olish hajmining kamayishiga olib keldi
Kompaniya avariyalar sonini kamaytirish va ta’mirlash ishlarini sovuq tushguncha yakunlashni topshirdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Avgust oyida “O‘zbekneftgaz”ning ayrim obyektlarida yuzaga kelgan avariya holatlari tabiiy gaz, gaz kondensati va suyultirilgan gaz qazib olish hajmining kamayishiga olib keldi. Bu haqda kompaniya ishchi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
Kompaniyada ta’kidlanishicha, asosiy e’tibor avariya oqibatlarini bartaraf etishga emas, balki ularning oldini olishga qaratilishi kerak. Mas’ullarga sentabr oyida avariya holatlari sonini kamaytirish hamda profilaktika va ta’mirlash ishlarini sovuq tushguncha yakunlash topshirildi.
Shu bilan birga, avgust oyida Gazli va Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmalarida deyarli avariya holatlari qayd etilmagan. “O‘zbekneftgaz” buni texnologik qurilmalar, nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika, elektr ta’minoti tizimlarini sozlash, shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘ladi.
Yig‘ilishda yangi quduqlarni ishga tushirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 1–24-avgust kunlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan 11 ta quduqdan 8 tasida burg‘ilash ishlari yakunlandi, ulardan 7 tasi allaqachon foydalanishga topshirildi. Buning hisobiga sutkasiga qo‘shimcha 1,7 mln kub metr gaz qazib olish mumkin.
Bitta quduqda gazning sanoat oqimini olishning imkoni bo‘lmadi, yana bir quduqni ishga tushirish sentabr boshiga qoldirildi. Uchta quduqda esa burg‘ilash ishlari belgilangan muddatlarda yakunlanmadi.
Shuningdek, quduqlarni kapital va joriy ta’mirlash natijalari ko‘rib chiqildi. 1–24-avgust kunlari kapital ta’mirdan so‘ng ishga tushirilishi rejalashtirilgan barcha 8 ta quduqda gazning sanoat oqimi olindi. Qo‘shimcha qazib olish hajmi rejalashtirilgan 235 ming kub metr o‘rniga 310 ming kub metrni tashkil etdi.
Bundan tashqari, 21–31-avgust kunlari yana 11 ta quduqni ishga tushirish va sutkasiga qo‘shimcha 340 ming kub metr gaz olish rejalashtirilgan. Mas’ullarga har bir obyekt bo‘yicha belgilangan muddatlarga rioya etilishini ta’minlash topshirildi.
“O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning ta’kidlashicha, qazib olishning tabiiy pasayishini qoplash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar qo‘shimcha gaz hajmlarini olish imkonini bermoqda. Biroq ayrim boshqarmalardagi avariya holatlari umumiy ko‘rsatkichlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yig‘ilish yakunida quvurlar, texnologik qurilmalar, kompressor stansiyalari va elektr ta’minoti tizimlarining holati ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, gaz qazib olish bo‘yicha kamchiliklar sabablarini aniqlash topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ