O‘zbekiston bank tizimida 1 kvadrillion so‘mlik aktiv to‘plandi
Davlat ulushi bor banklar aktiv va kreditlarning asosiy qismini saqlab qolgan
Фото: Kapital.uz
2026-yil 1-iyul holatiga O‘zbekiston tijorat banklari tizimining jami aktivlari 1 kvadrln 5,8 trln so‘mga yetdi. Jami kreditlar hajmi 642,8 trln so‘m, kapital 148,9 trln so‘m, depozitlar esa 473,8 trln so‘mni tashkil qildi.
Banklar o‘rtasida aktivlar hajmi bo‘yicha “O‘zmilliybank” yetakchilik qildi. Uning aktivlari 146,5 trln so‘m bo‘lib, butun bank tizimi aktivlarining 14,6%iga teng. Keyingi o‘rinlarda “Agrobank” — 118,4 trln so‘m va “O‘zsanoatqurilishbank” — 108,5 trln so‘m bilan joylashdi.
Shu tariqa, ushbu uch bankning o‘zi tizimdagi barcha aktivlarning 37,1%ini jamlagan.
Kreditlarning uchdan ikki qismi davlat ishtirokidagi banklarda
Bank tizimida berilgan kreditlarning umumiy hajmi 642,8 trln so‘mni tashkil qildi. Shundan 422,3 trln so‘mi, ya’ni 65,7%i davlat ulushi mavjud banklar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Kredit portfeli bo‘yicha ham birinchi o‘rinda “O‘zmilliybank” turibdi — 107,1 trln so‘m. Bu tizimdagi barcha kreditlarning 16,7%i demakdir.
Undan keyin:
- “Agrobank” — 91,2 trln so‘m;
- “O‘zsanoatqurilishbank” — 61 trln so‘m;
- “Asakabank” — 40,4 trln so‘m;
- “Kapitalbank” — 38,3 trln so‘m.
Eng yirik uch bank — “O‘zmilliybank”, “Agrobank” va “O‘zsanoatqurilishbank” jami kredit portfelining 40,3%ini shakllantirgan.
Kapitalda ham yirik davlat banklari oldinda
Tijorat banklarining umumiy kapitali 148,9 trln so‘mga yetdi. Davlat ishtirokidagi banklar hissasi 86,8 trln so‘m yoki 58,3%ni tashkil qildi.
Kapital hajmi bo‘yicha:
- “O‘zmilliybank” — 20,8 trln so‘m;
- “Agrobank” — 13,9 trln so‘m;
- “O‘zsanoatqurilishbank” — 13 trln so‘m;
- “Xalq banki” — 11,3 trln so‘m;
- “Ipoteka-bank” — 9,5 trln so‘m.
Bank tizimi kapitalidagi eng yirik uch bankning umumiy ulushi 32%dan ortiq.
Depozitlarda xususiy banklar ulushi yuqoriroq
2026-yil 1-iyul holatiga bank tizimidagi jami depozitlar 473,8 trln so‘mni tashkil qildi. Davlat ulushi mavjud banklarda 246,3 trln so‘m, ya’ni depozitlarning 52%i jamlangan.
Qolgan qariyb 48% depozitlar esa boshqa banklar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Depozitlar hajmi bo‘yicha birinchi beshlik quyidagicha shakllandi:
- “O‘zmilliybank” — 57,9 trln so‘m;
- “Kapitalbank” — 47,3 trln so‘m;
- “Agrobank” — 43,3 trln so‘m;
- “O‘zsanoatqurilishbank” — 38,2 trln so‘m;
- “Xalq banki” — 30,7 trln so‘m.
“Kapitalbank” aktivlar hajmi bo‘yicha tizimda to‘rtinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, depozitlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi. Uning depozitlari 47,3 trln so‘m yoki bank tizimidagi umumiy depozitlarning qariyb 10%ini tashkil qildi.
Shu bilan birga, davlat ulushi mavjud 9 ta bank aktivlarning 62,4%, kreditlarning 65,7%, kapitalning 58,3% va depozitlarning 52%ini jamlagan. Qolgan 25 ta bank esa aktivlarning 37,6%, kreditlarning 34,3%, kapitalning 41,7% va depozitlarning 48%iga ega.
Ma’lumotlar Markaziy bankning 2026-yil 1-iyul holatiga tijorat banklarining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha jadvali asosida tayyorlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ