Centrum Holding 2027-yil boshida IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda
Bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonovga ko'ra, ayni paytda holdingning bahosi $2 mlrdni tashkil etmoqda
Yirik xususiy logistika guruhi Centrum Holding 2027-yil boshida IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Centrum Holding asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Centrum Air 2023-yilda aviakompaniya sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Hozirda Centrum Holding’ning umumiy aviaparki qariyb 30 ta samolyotdan iborat bo‘lib, ular yuk tashuvchi (My Freighter) va yo‘lovchi tashuvchi (Centrum Air) samolyotlar o‘rtasida deyarli teng taqsimlangan.
2026-yil oxirigacha Centrum Holding aviaparkini 40 ta samolyotgacha kengaytirishni rejalashtirmoqda. 2027-yilda ularning sonini 65 taga, 2029-yil oxiriga kelib esa 100 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Abdurahmonovning ta’kidlashicha, kompaniya hozirning o‘zida 50 dan ortiq samolyot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni imzolagan.
Prezidentimiz biz uchun yaratib bergan imkoniyatlar tufayli Markaziy Osiyodagi yetakchi yuk aviakompaniyasiga aylandik. Butun Markaziy Osiyoda bizdagidek 10 ta va undan ortiq samolyotdan iborat yuk aviaparkiga ega boshqa aviakompaniya hali yo‘q, — dedi holding asoschisi.
Shuningdek, u kompaniyaning eksport hajmini oshirish rejalari haqida ma’lum qildi. Centrum Holding joriy yil yakuniga ko‘ra, quruqlikdagi va havo orqali tashish logistikasidagi salohiyatni hisobga olgan holda eksport hajmini $1 mlrdga yetkazishni kutmoqda.
Kompaniyaning umumiy qiymati haqidagi savolga javob berar ekan, Abdurahmonov Centrum Holding 2026-yil moliyaviy hisobotlari asosida 2027-yilning birinchi choragida IPO o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda holdingning bahosi $2 mlrdni tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ