Soliq qo‘mitasi: yirik pul o‘tkazmalarini nazorat qilish bank sirini bekor qilmaydi

Idora yangi loyiha fuqarolar omonatlari va hisobvaraqlariga erkin kirish huquqini bermasligi, faqat axborot almashinuvi tartibini raqamlashtirishini ma’lum qildi

Soliq qo‘mitasi: yirik pul o‘tkazmalarini nazorat qilish bank sirini bekor qilmaydi

Soliq qo‘mitasi tayyorlanayotgan normativ-huquqiy hujjat doirasida fuqarolarning mablag‘lariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish huquqi berilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qo‘mita Vazirlar Mahkamasining banklar va davlat organlari o‘rtasida axborot almashinuvini tartibga soluvchi qarori loyihasi yuzasidan jamoatchilikda paydo bo‘lgan muhokamalarga munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, hujjat soliq organlariga fuqarolarning omonatlari yoki tadbirkorlarning hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini bermaydi.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, loyiha faqat ma’lumotlarni elektron shaklda uzatishning yagona tartibini joriy etishga qaratilgan. Nazorat qiluvchi organlarning vakolatlari o‘zgarishsiz qoladi, bank siri esa saqlanib qoladi.

Banklar amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollardagina ma’lumotlarni taqdim etadi. Olingan axborot soliq siri maqomiga ega bo‘ladi va uni oshkor etganlik uchun javobgarlik belgilangan. Qo‘mita ushbu yondashuv OECD davlatlari amaliyoti va xalqaro standartlarga mos kelishini qayd etdi.

Avvalroq muhokamaga qo‘yilgan hujjat loyihasida banklar fuqarolarning kartalari va elektron hamyonlariga tushayotgan yirik mablag‘larni qayd etishi, shuningdek yangi hisobvaraqlar ochilgani haqida ma’lumot berishi nazarda tutilgani xabar qilingandi.

Loyihaga ko‘ra, agar jismoniy shaxs kartasiga bir oy davomida uchinchi shaxslardan kelib tushgan mablag‘lar jami BHMning 500 baravaridan oshsa, bu haqda Soliq qo‘mitasiga axborot yuboriladi. Hozirda ushbu ko‘rsatkich 206 mln so‘mni tashkil etadi. 2026-yil 1-sentabrdan esa limit 220 mln so‘mga yetadi. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bundan mustasno hisoblanadi.

Shuningdek, loyiha xorijiy kompaniyalarga yuborilgan to‘lovlarni monitoring qilishni ham nazarda tutadi. Bunday ma’lumotlar yuboruvchining shaxsiga oid ma’lumotlar oshkor qilinmagan holda, anonim shaklda taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Hujjat qabul qilingan taqdirda, banklar va soliq organlari ma’lumotlar bazalarini integratsiya qiluvchi maxsus raqamli modul yaratiladi. Loyiha yuzasidan jamoatchilik muhokamasi 8-iyulga qadar davom etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

1-sentabrdan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ham oshiriladi
/
1-sentabrdan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ham oshiriladi
Haydovchilar soni cheklanmagan sug‘urta polisi rasmiylashtirishga ruxsat berildi
/
Haydovchilar soni cheklanmagan sug‘urta polisi rasmiylashtirishga ruxsat berildi
Namangan viloyatida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga 6,5 trln so‘m yo‘naltiriladi
/
Namangan viloyatida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga 6,5 trln so‘m yo‘naltiriladi