Tadbirkorlar uchun soliq hisobotini kech topshirish bo‘yicha jarimalar kamaytirildi
2026-yil 1-yanvardan bir nechta hisobot uchun bitta jarima qo‘llaniladi, ma’muriy jarima miqdorlari ham qisqartirildi
Фото: «РИА Новости»
2026-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlar tomonidan soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun qo‘llaniladigan jarimalar miqdori kamaytirildi.
Yangi tartibga ko‘ra, agar tadbirkor hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlarini taqdim etmagan bo‘lsa, barcha topshirilmagan hisobotlar uchun umumiy bitta jarima qo‘llaniladi. Avval har bir soliq hisobotini belgilangan muddatdan kech topshirish holati uchun alohida jarima belgilangan edi.
Shuningdek, soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun belgilangan ma’muriy jarimalar miqdori qisqartirildi. Jumladan:
- fuqarolar uchun jarima 3 BHMdan 1 BHMga tushirildi, bu 412 ming so‘mni tashkil etadi;
- kichik tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslari uchun jarima 10 BHMdan 3 BHMga kamaytirildi, bu 1 236 000 so‘mga teng.
Bundan tashqari, so‘nggi 3 oy davomida soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda taqdim etib kelgan tadbirkorlik subyektlariga ma’muriy jarima qo‘llanmagan holda soliq hisobotini 5 kungacha kechiktirib topshirishga ruxsat beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ