“Sojitz” kompaniyasi Toshkentdagi yangi aeroport loyihasiga $200 mln investitsiya kiritadi
Loyiha doirasida aeroport birinchi bosqichda yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan

Фото: Uzbekistan Airports
Yaponiyaning “Sojitz” korporatsiyasi Toshkentda qurilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport loyihasiga $200 mln sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya prezidenti Kosuke Uemura “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uemura: Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda Toshkentdagi yangi xalqaro aeroport loyihasida ishlayapmiz, — deya ta’kidladi.
Iyul oyida Toshkentda Sojitz kompaniyasining vakolatxonasi ochilgan bo‘lib, o‘shanda kompaniya Samarqandda $300 mlnlik tibbiyot markazi qurilishi rejalashtirilayotgani ham e’lon qilingan edi.
Shuningdek, 18-avgust kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Sojitz Corporation” o‘rtasida energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan yo‘l xaritasi imzolandi.
Ma’lumot uchun, 1-avgust kuni prezident Toshkent uchun yangi xalqaro aeroport qurilishi bo‘yicha qaror qabul qilgandi. Loyiha doirasida aeroport birinchi bosqichda yiliga $20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, bir vaqtda 169 ta samolyotni joylashtirish, soatiga 40 dan ortiq parvozni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ