Visa va Reinvantage ayollar tadbirkorligi uchun xalqaro xakatonning grand finalini o‘tkazadi
Ayollar boshchiligidagi 10 jamoa $20 minglik mukofot jamg‘armasi uchun bellashadi
Visa va uning hamkori Reinvantage 3-oktabr kuni onlayn tarzda “She’s Next” birinchi xalqaro xakatonining grand finalini o‘tkazadi.
Xakaton “She’s Next Empowered by Visa” tashabbusi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidagi tadbirkor ayollarga biznesdagi dolzarb muammolarni hal etishda yordam berishga qaratilgan. So‘nggi bir oy davomida 17 mamlakatdan kelgan ishtirokchilar tajribali mutaxassislar bilan vebinarlarda qatnashib, tadbirkorlik ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.
Ayollar boshchiligidagi o‘nta jamoa murabbiylar ko‘magida o‘z biznes g‘oyalarini ishlab chiqib, final bosqichiga yo‘l oldi. Endi ular hakamlar hay’ati oldida o‘z loyihalarini taqdim etadi. G‘oliblar $20 ming miqdoridagi mukofot jamg‘armasi uchun uch nominatsiya bo‘yicha bahslashadi: bosh mukofot ($10 ming), eng innovatsion g‘oya ($5 ming) va eng yaxshi ijtimoiy ta’sir ($5 ming).
Grand final doirasida finalchi jamoalarning taqdimotlari, ayollar yetakchiligi va biznesdagi asosiy muammolar bo‘yicha panel muhokamalari, sovrinli biznes viktorinasi hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Visa vitse-prezidenti Kristina Doroshning ta’kidlashicha, xakaton tadbirkor ayollarning salohiyatini namoyon etmoqda va mintaqada ayollar yetakchiligining yangi bosqichini ko‘rsatmoqda. Reinvantage vakillari ham bu tashabbusni mintaqadagi ayol rahbarlarni birlashtirishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida baholadi.
Tadbir onlayn tarzda ochiq bo‘lib, oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab qilinmaydi. U 3-oktabr kuni Markaziy Yevropa vaqti bilan soat 10:00 dan 15:30 gacha jonli efirda o‘tkaziladi. Ulanish havolasi: shesnext.emergingeurope.org/hackathon2025.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ