O‘zbekistonda seriyali obligatsiyalar chiqarish mexanizmi joriy etildi
Ular ro‘yxatdan o‘tilgan dastur doirasida bir nechta obligatsiyalarni chiqarish imkonini beradi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Adliya vazirligi ILMA direktorining “Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘ini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, endi obligatsiyalar dasturi doirasida seriyali obligatsiyalarni chiqarish mexanizmining joriy etildi. Bu emitentlarga moliyaviy resurslarni jalb qilish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirish va tezlashtirish imkonini beradi.
Seriyali obligatsiyalar bitta ro‘yxatdan o‘tgan dastur doirasida bir nechta obligatsiyalarni chiqarish imkonini beradi. Yangi mexanizmning asosiy afzalliklari:
- Moliyalashtirishni jalb qilishda moslashuvchanlik — emitentlar bozor sharoitlari va kapital ehtiyojlariga qarab obligatsiyalarni bosqichma-bosqich chiqarishlari mumkin bo‘ladi.
- Xarajatlarni optimallashtirish — turli seriyali obligatsiyalar turli muddatlarga va foiz stavkalariga ega bo‘lishi mumkin, bu esa qarz olish xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi.
- Investorlar doirasini kengaytirish — obligatsiyalarning turli parametrlari ularni investorlarning keng doirasi uchun jozibador qiladi.
- Qayta moliyalashtirish imkoniyati — emitentlar ilgari joylashtirilgan majburiyatlarni to‘lash uchun obligatsiyalarning yangi seriyasini chiqarishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, yangi qoidalar ipotekani qayta moliyalash tashkilotlarining korporativ obligatsiyalarini o‘z kapitalidan ortiq miqdorda chiqarish imkoniyatini, shuningdek, qimmatli qog‘ozlarni ta’minlash turlari ro‘yxatini kengaytiradi.
Ushbu vositaning O‘zbekistonda joriy etilishi milliy bozorning raqobatbardoshligini oshirishi, emitentlarga yanada samarali moliyalashtirish usullariga yo‘l ochishi va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi ta’kidlanmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ