Senat PayPal va Apple Pay’ga ruxsat beruvchi qonunni tasdiqladi
Hukumat ma’lumotlar himoyasi talablariga javob beruvchi davlatlar ro‘yxatini belgilaydi
5-fevral kuni Senat “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur tuzatishlar xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishini osonlashtirishga qaratilgan. Amaldagi talablarga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar mamlakat hududida saqlanishi shart edi, bu esa ayrim xorijiy platformalarning faoliyatini cheklab kelayotgan edi.
Yangi tartibga muvofiq, faqat ayrim toifadagi ma’lumotlar — biometrik, genetik va telekommunikatsiya xizmatlariga oid axborotlar mahalliy serverlarda saqlanishi majburiy bo‘ladi. Qolgan ma’lumotlarni xorijda saqlash va uzatish esa qat’iy xavfsizlik talablari asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi shaxsiy ma’lumotlar himoyasi yetarli darajada ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolatiga ega bo‘ladi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar PayPal, Apple Pay va Google Pay kabi xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga sharoit yaratadi. Bu esa fintex, elektron savdo va raqamli iqtisodiyot rivojiga xizmat qiladi, shuningdek, turistlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bundan tashqari, tuzatishlar frilanserlar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki Upwork, Fiverr, Envato va Storyblocks kabi mashhur platformalar asosan PayPal orqali to‘lovlarni amalga oshiradi. Amaldagi cheklovlar sababli O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalari ushbu tizimda to‘liq ishlamay kelayotgan edi.
Yangi qonun ushbu muammolarni bartaraf etib, xalqaro to‘lov xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ