“Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarildi
Sun’iy yo‘ldosh bortiga o‘zbekistonlik muhandislar ishlab chiqqan sun’iy intellekt moduli o‘rnatildi
Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi va “O‘zbekkosmos” agentligi hamkorligida yaratilgan “Samarkand-2028” giperspektral Yer masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi muvaffaqiyatli orbitaga chiqarildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Uchirish 5-avgust kuni Xitoyning Shandun provinsiyasi sohillari yaqinidagi dengiz start platformasidan amalga oshirildi. “Samarkand-2028” bilan birga “Lampung-1” sun’iy yo‘ldoshi ham orbitaga chiqarildi. Har ikkala apparat STAR.VISION tomonidan ishlab chiqilgan.
Vazirlik ushbu loyihani O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xalqaro kosmik dasturlardan biri deb baholadi. Qayd etilishicha, loyiha milliy kosmik dastur rivojida yangi bosqichni boshlab berish bilan birga, Xitoy bilan ilmiy-texnologik hamkorlikni mustahkamlaydi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri — sun’iy yo‘ldoshning bort tizimlarini yaratishda o‘zbekistonlik mutaxassislarning ishtirok etganidir. “O‘zbekkosmos” muhandislari giperspektral ma’lumotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri orbitaning o‘zida qayta ishlovchi sun’iy intellekt modulini ishlab chiqdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu texnologiya Yerga uzatiladigan ma’lumotlar hajmini qisqartirish, zarur axborotni tezroq olish va uni tahlil qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
“Samarkand-2028” giperspektral Yer masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi hisoblanadi. An’anaviy sun’iy yo‘ldoshlardan farqli ravishda, u 20 dan ortiq spektral diapazonda aks etgan nurlanishni tahlil qilib, Yer yuzasidagi obyektlar haqida ancha batafsil ma’lumot to‘play oladi.
Olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligida ekin turlari va ularning holatini aniqlash, o‘simliklar rivojlanishini kuzatish, suv resurslarini boshqarish, ekologik monitoring, tabiiy resurslarni nazorat qilish, favqulodda vaziyatlarni erta aniqlash hamda shaharsozlik kabi yo‘nalishlarda foydalanish rejalashtirilgan.
“O‘zbekkosmos” ta’kidlashicha, mahalliy mutaxassislarning sun’iy yo‘ldosh va uning intellektual tizimlarini yaratishdagi ishtiroki mamlakatda kosmik muhandislik salohiyati shakllanayotganidan dalolat beradi. Agentlik bu loyihani O‘zbekistonning kosmik texnologiyalardan foydalanuvchi davlatdan ularni yaratishda ishtirok etuvchi davlatga aylanishi yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
Sun’iy yo‘ldosh nomi 2028-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 79-Xalqaro astronavtika kongressi bilan bog‘liq. “O‘zbekkosmos” ga ko‘ra, “Samarkand-2028” nomi O‘zbekistonning xalqaro kosmik hamjamiyatdagi mavqeini mustahkamlash hamda Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi bilan zamonaviy kosmik texnologiyalar o‘rtasidagi uzviylikni ifodalaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ