Davlat xizmatchilari uchun yagona ish haqi tizimini joriy etish taklif qilindi

Prezidentga taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, o‘ndan ortiq ustama va mukofotlar o‘rniga uchta asosiy rag‘batlantirish to‘lovi joriy qilinadi

Davlat xizmatchilari uchun yagona ish haqi tizimini joriy etish taklif qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq to‘lash shartlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda davlat xizmatida kadrlarni tanlash, ishga qabul qilish va rag‘batlantirish tizimini isloh qilish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, davlat organlaridagi boshqaruv xodimlari shtati 2016-yildagi 73 mingdan 54 mingtagacha qisqartirilgan.

Taqdimotda amaldagi mehnatga haq to‘lash tizimidagi nomutanosibliklar tahlil qilindi. Hozirda davlat xizmatchilari ish haqining 15% dan kam qismini lavozim maoshi tashkil etadi, ish haqi fondining 70% igacha bo‘lgan qismi esa xodimning natijalariga bog‘liq bo‘lmagan turli ustama, mukofot va rag‘batlantiruvchi to‘lovlardan iborat.

Shuningdek, bir xil lavozim va vazifalarni bajaruvchi xodimlar o‘rtasida ish haqi bo‘yicha sezilarli tafovutlar mavjudligi, davlat organlarida mehnatga haq to‘lashni tartibga soluvchi yagona hujjat yo‘qligi, buning o‘rniga 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat amal qilayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan davlat fuqarolik xizmatchilari uchun yagona, shaffof va natijaga asoslangan ish haqi tizimini joriy etish taklif qilindi.

Yangi tizim 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab oladi. Davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga, xodimlar esa ma’muriy boshqaruv, asosiy va qo‘llab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi.

Xalqaro tajriba asosida 11 razryad va 6 pog‘onadan iborat yangi ish haqi setkasi joriy etilishi rejalashtirilgan. O‘ndan ortiq ustama va mukofotlar o‘rniga uchta asosiy rag‘batlantirish to‘lovi qo‘llanadi.

Jumladan, xodimlarga malaka darajasi, funksional vazifalarni bajarishi, ijro va mehnat intizomi, tashabbuskorligi hamda samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan hamda yuqori natijalarga erishgan xodimlarga hisobot davri yakunlari bo‘yicha bonuslar berish taklif etildi.

Takliflarga ko‘ra, hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi o‘xshash lavozimlar maoshidan yuqori bo‘lmaydi. Tuman va shaharlarda ish haqi hamda shtat birliklari aholi soni va hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilanadi.

Prezident mehnatga haq to‘lash tizimida adolat va shaffoflikni ta’minlash, ish haqini xodimning malakasi, mas’uliyati va erishgan natijalari bilan bevosita bog‘lash muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, bonus to‘lovlari sun’iy intellekt va boshqa zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda malakani oshirish kabi aniq mezonlar asosida berilishi belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Kelgusida kadastr xizmatlarida “bitta ariza – bitta toʻlov” tamoyili joriy etilishi mumkin
/
Kelgusida kadastr xizmatlarida “bitta ariza – bitta toʻlov” tamoyili joriy etilishi mumkin
Banklar takroriy qoidabuzarliklarning oldini olishi shart — Markaziy bank
/
Banklar takroriy qoidabuzarliklarning oldini olishi shart — Markaziy bank
O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni uzatish mumkin bo‘lgan 49 ta davlat ro‘yxati tasdiqlandi
/
O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni uzatish mumkin bo‘lgan 49 ta davlat ro‘yxati tasdiqlandi