O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 11 mlrd kub metrgacha oshiradi
Qozog‘iston qo‘shimcha hajmdagi yoqilg‘ini tranzit qilishga to‘liq tayyorligini bildirdi
Toshkent Rossiyadan tabiiy gaz xaridini qariyb 70% ga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenovga tayanib, TASS xabar berdi.
Akkenjenovning ta’kidlashicha, Qozog‘iston tomoni O‘zbekistonga energiya resurslari tranzitini oshirish uchun zarur texnik quvvatlarga ega. Biroq hajmlarning yakuniy oshirilishi amaldagi magistral quvurlar o‘tkazuvchanlik imkoniyatlariga bevosita bog‘liq.
Vazirning aytishicha, Qozog‘iston o‘ziga tegishli quvur tarmoqlarini to‘liq tayyorlagan. Hozirda Moskva va Toshkent mazkur masalani mustaqil ravishda muhokama qilmoqda, Ostona esa logistika bo‘yicha kafolat beruvchi tomon sifatida ishtirok etmoqda.
Shuningdek, u kelgusida gaz yetkazib berish hajmini 11 mlrd kub metrgacha oshirish masalasi muhokama qilinayotganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, 2025-yilda Rossiya Qozog‘iston orqali tranzit yo‘li bilan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirishda davom etgan. Natijada ushbu yo‘nalishdagi eksport qariyb 30% ga ko‘payib, 7 mlrd kub metrdan oshgan.
Avvalroq Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak ham Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi 2026 doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillari bilan davom etayotgan muzokaralar haqida ma’lum qilgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sovet davrida qurilgan gaz transport tizimini modernizatsiya qilish va kengaytirish rejalashtirilmoqda. Mazkur loyihalar O‘zbekiston va Qozog‘iston iste’molchilarini qo‘shimcha gaz bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.
Infratuzilmani kengaytirish masalasi forum doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda Gazprom rahbari Aleksey Miller o‘rtasidagi uchrashuvda ham muhokama qilingan.
Tomonlar gaz sohasi bilan bir qatorda neft mahsulotlari yetkazib berish hamda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihalarini ham ko‘rib chiqqan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ