YHXX Road24 bilan ma’lumot almashinuvini to‘xtatib, “Safe Road” ilovasini taqdim etdi
Road24 kompaniyasi asossiz axborotlar tarqatilayotganini va ilova ishlayotganini ma'lum qildi

Фото: СБДД
Road24 va YHXX o‘rtasidagi yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot almashinuvi batamom to‘xtatildi. Bu haqda IIV JXD YHXX Axborot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshov Telegram sahifasida ma’lum qildi.
U foydalanuvchilarga “App Store” yoki “Play market” orqali DYHXXning “Safe Road YHXX” ilovasini yuklab, ro‘yxatdan o‘tib olishingiz mumkinligini ma’lum qildi.
“Gazeta.uz” ning nima uchun ilova va YHXX o‘rtasida ma’lumot almashinuvi to‘xtatilgani haqidagi savoliga Zoyir Yo‘ldoshev “Yaxshi ishlamagani uchun”, deya javob berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tez orada Safe Road ilovasiga yangi xizmatlar qo‘shiladi.
Ushbu xabardan so‘ng Road24 o‘z Telegram kanalida yangi ilova Road24’ning nusxasi ekani aytildi.
“Yangi ilova qildik deyishmoqda, lekin nimasi yangi? Hech narsasi, Road24’dan olishdi ko‘chirishdi. Road24 ilovasi tez kunda yangilanadi sizlar uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratiladi”, — deyiladi Road24 xabarida.
Kompaniya, shuningdek, hech qanday ogohlantirishlarsiz, ochiq tarzda “ROAD 24” ilovasi haqida asossiz va eng muhimi noqonuniy ravishda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilayotganini aytgan.
“Shu o‘rinda amaldagi qonunchilikda tadbirkorlik faoliyati subyektining ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlar tarqatish ta’qiqlanganligini eslatib o‘tamiz”, – deyiladi xabarda.
Ayni vaqtda Road24 tegishli tartibda aktual ma’lumotlarni taqdim etib, unda hech qanday muammo mavjud emas.
Kompaniya fuqarolardan jtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmasligingizni so‘ragan.
Xo‘jayin Telegram kanalining ma’lum qilishicha, Road24 “Kash App” MCHJga tegishli bo‘lib, korxona 2016-yil 17-mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ustav fondi — 165,4 mln so‘m. Rahbar sifatida Fatkulina Liniza Xalilovna ko‘rsatilgan. Firmaning 90% ulushiga Xasanova Naima Muxammadjonovna, qolgan 10% ulushga esa Fatkulina Liniza Xalilovna egalik qiladi.
Safe Road ilovasining ommaviy oferta bo‘limidan uning egasini aniqlab bo‘lmagan. Shunday bo‘lsada, App Store’da “AUTODOC” MCHJ nomidan ilova taqdim etilgan. Ushbu korxona 2022-yil 27-iyun kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ustav fondi — 500 ming so‘m. Rahbar sifatida Sodiqov Sayyodbek Siddiqjon o‘g‘li ko‘rsatilgan. Firmaning 100% ulush bilan ta’sischisi Karimov Bilol Bahodir o‘g‘li hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ