Sirdaryodagi “River Med Pharm” korxonasida inyeksiya uchun eritmalar va kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Shuningdek, “Invest Asia” korxonasida 2025-yilning oʻn oyida 1,9 trln soʻmlik mahsulot tayyorlangan

Sirdaryodagi “River Med Pharm” korxonasida inyeksiya uchun eritmalar va kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Safarning birinchi manzili Sirdaryo tumanidagi “River Med Pharm” korxonasi boʻldi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20% i aynan ushbu korxonaga toʻgʻri keladi. Loyihaning umumiy qiymati $30 mlndan ortiq boʻlib, hozirgi kunda korxonada 750 nafar odam doimiy ish bilan taʼminlangan. Korxona yiliga 135 mlrd soʻmlik qiymatda 70 turdagi, umumiy hisobda 114 mln dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda.

Noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaytirildi. Korxona 30 mln dona infuzion eritmalar, 70 mln donadan ortiq quruq antibiotiklar va qariyb 20 mln dona koʻz-burun tomchilarini ishlab chiqaradi.

Kelgusida korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot turlari 200 xilga yetkaziladi. Bu bosqichda shisha va plastik idishlardagi inyeksiya uchun eritmalar, shuningdek, tabletka hamda kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ish o‘rinlarining soni mingtagacha oshiriladi.

Bundan tashqari, Prezident Mirziyoyev “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Invest Asia” korxonasida boʻldi.

Korxona qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirda ichki bozordagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60% i, stretch plyonkalarning 40% i aynan shu korxona hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Majmua 60 gektar maydonda barpo etilgan boʻlib, hozirgi paytda 2,5 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan, korxona mamlakatda bioaksal yoʻnaltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona hisoblanadi. Bu plyonka turi eng ommabop qadoqlash materiallaridan biri boʻlib, qattiq va yengilligi bilan ajralib turadi.

Joriy yilning oʻn oyida korxonada 1,9 trln soʻmlik mahsulot tayyorlangan, $23 mlnlik eksport amalga oshirilgan. Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSH kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanilmoqda.

Shuningdek, yil yakuniga qadar bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun – notoʻqima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi kutilmoqda. Bunday matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xoʻjaligida keng qoʻllaniladi.

Barcha loyihalar toʻliq quvvatga chiqqach, ish oʻrinlarining soni 10 mingtaga yetishi, polimerni qayta ishlash quvvati 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
/
2025-yilda ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi