Biznes-ombudsman Toshkentdagi reklama konstruksiyalarini demontaj qilish masalasiga munosabat bildirdi
Reklama pasportlari amalda bo‘lgan tadbirkorlarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga xulosa kiritildi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan reklama kompaniyalariga binolar tomiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha talabnomalar yuborilayotgani muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov Toshkent shahar hokimligi tomonidan ilgari 2034-yilgacha amal qilish muddati bilan berilgan reklama pasportlari bekor qilinayotgani haqida yozib, bu amaliyot tadbirkorlarning huquqiy kafolatlari va investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, davlat organi tomonidan berilgan huquqning keyinchalik bir tomonlama bekor qilinishi xavfli huquqiy presedent yaratadi.
Mazkur holat yuzasidan Biznes-ombudsman masalani nazoratga olganini ma’lum qildi.
Idora eslatishicha, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, reklama joyining pasporti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi tomonidan beriladi hamda tashqi reklama konstruksiyalarini pasportda ko‘rsatilgan yer uchastkasi, bino yoki inshootga o‘rnatish huquqini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Shuningdek, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga muvofiq, ma’muriy organlarga manfaatdor shaxslarning huquqlarini faqat rasmiy talablarni bajarish maqsadida cheklash yoki ularga ortiqcha majburiyatlar yuklash taqiqlanadi.
Biznes-ombudsman “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga ham e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va faqat ular kuchga kirganidan keyin yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Shu munosabat bilan Biznes-ombudsman devoni Toshkent shahar hokimligiga reklama pasportlari amalda bo‘lgan tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda qabul qilinadigan qarorlarda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan xulosa kiritganini bildirdi.
Idora, shuningdek, mazkur jarayonda tadbirkorlarning mulkiy huquqlari yoki qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda, o‘z vakolatlari doirasida ularning huquqlarini, jumladan, sudlarda ham himoya qilishini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ