O‘zbekistonda 2026-yili qurilishda ishlatiladigan energiya tejovchi mahsulotlar ulushi 25% ga yetkaziladi
Bundan tashqari, kaolinni chuqur qayta ishlash bo‘yicha $515 mlnlik 40 ta loyihani amalga oshiriladi
Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan davrda 210 mln kvadrat metr turar va noturar joylar foydalanishga topshirildi, aholi uchun 565 mingta, avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p xonadon qurildi.
Qurilish materiallari sanoati ham rivojlanmoqda — uning hajmi so‘nggi sakkiz yilda 4 barobar o‘sib, joriy yilda 53 trln so‘mga, eksporti esa $1,1 mlrdga yetishi kutilmoqda. Tarmoq Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlarining ilgari sanoati bo‘lmagan tumanlarida ish o‘rni va daromad manbai yaratadigan katta “drayver” sohaga aylandi, deyiladi taqdimotda.
Shu bilan birga, sohada mahsulotlar sifati va standartlarga rioya etish, logistika masalalari, yangi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda.
Jumladan, PVX-quvur, fitinglar, pardozbop tosh va qurilish oynasi ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar mavjud bo‘lsa-da, 2024-yilda ushbu mahsulotlar katta hajmda import qilingan.
Taqdimotda kelgusidagi asosiy rejalar bayon qilindi. Xususan, tarmoqda $2,4 mlrdlik 112 ta loyihani amalga oshirish, ular orqali 13,5 mingta ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda.
Strategik ahamiyatga ega $110 mlnlik yana 5 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Kelgusi yillarda loyihalar portfelini $3,5 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Prezident bu loyihalar har bir viloyat va tumanning mavjud zaxiralari, xomashyo bazasi va logistika imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidladi.
Qo‘shni mamlakatlarda $4 mlrddan ziyod qurilish materiallari bozori borligi aytildi. Bundan tashqari, 26 mamlakatga 9 ta mahsulot eksportini keskin ko‘paytirish imkoni mavjud.
Mutasaddilarga hududlar va tarmoqlarning eksport imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, tashqi bozorlarga chiqishni faollashtirish, eksportbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish topshirildi.
Taqdimotda kaolin zaxiralaridan samarali foydalanish masalalari ham o‘rganildi. O‘zbekistonda 1 mlrd tonnadan ortiq kaolin bo‘lishiga qaramay, har yili millionlab dollarlik chinni import qilinayotgani qayd etildi. Shu bois kelgusi yilda kaolinni chuqur qayta ishlash bo‘yicha $515 mlnlik 40 ta loyihani amalga oshirish va 460 nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.
Tarmoqda energiya samaradorligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kungacha 34 ta korxonada energiya auditining o‘tkazilishi natijasida mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan yoqilg‘i miqdorining kamayishiga erishildi.
Bu ishlarni tizimli davom ettirib, ishlab chiqarilayotgan energiya tejovchi mahsulotlarning turini kengaytirish, qurilishda foydalaniladigan energiya tejamkor va ekologik mahsulotlarning ulushini kelgusi yili 25% ga, 2030-yilga qadar esa 35% gacha yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, mahsulot sifati va xavfsizligini oshirishda ilm-fanning o‘rni muhimligi, olimlarning salohiyatidan kengroq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda 4 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda, Germaniya, Koreya va Turkiyadan olimlar jalb etilgan. Amaliyot va fan integratsiyasini kuchaytirish doirasida kelgusi yildan qurilish materiallari yo‘nalishidagi ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun 30 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Korxonalarda raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali tannarxni 5−10% ga qisqartirish mumkinligi ta’kidlandi. Bunday tizimlar joriy etiladigan korxonalarni ko‘paytirish maqsadida ikki yil davomida 100 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.
Mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida qurilish materiallari sohasi ham xalqaro talablarga moslashtirilmoqda. O‘tgan davrda bu borada 125 ta xalqaro standart qabul qilindi. 2026-yilda buni 166 taga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ