2025-yilda qurilish ishlari hajmi 314 trln so‘mga yetdi — Prezident
So‘nggi to‘qqiz yilda 210 mln kvadrat metrli bino-inshoot, 647 ming xonadonli va 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etilgan
Фото: пресс-служба президента
Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda respublika va viloyat studiyalaridan yig‘ilishda 500 dan ziyod developer, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanistlar ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari barcha tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish bo‘yicha belgilab olingan katta marralarga erishishda qurilish sohasining alohida o‘rni borligini ta’kidladi.
So‘nggi to‘qqiz yilda 10 mingga yaqin yangi qurilish korxonalari ish boshladi, aylanmasi 1 trln so‘mdan oshgan 20 ta, 100 mlrd so‘mdan o‘tgan 365 ta yirik kompaniyalar paydo bo‘ldi. Loyiha tashkilotlari 2 mingdan, ulardan xalqaro sertifikat olganlari 650 dan oshdi.
Qurilishda ruxsat berish bosqichi 3 karra, muddati 4 karra qisqardi, 420 ta shaharsozlik norma va qoidalarini birlashtirish, eskilarini bekor qilish hisobiga 140 ta yangi shaharsozlik norma va qoidalari tasdiqlandi.
Mazkur ishlar natijasida o‘tgan davrda 210 mln kvadrat metrli bino-inshoot, 647 ming xonadonli va 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Qurilish ishlari hajmi 2016-yilda 30 trln so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 314 trln so‘mga yetdi. Bugungi kunda qurilish, qurilish materiallari va ularga yondosh sohalarda 3,5 mln aholi band.
Tadbirkorlik uchun yiliga 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metrli bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trillion so‘m resurs berilmoqda.
Lekin yer, kredit kabi asosiy masalalari hal bo‘lgan tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichda to‘siqlarga uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirkorlarning hali aktivga aylanmagan yeriga soliq, kreditiga foiz hisoblanyapti, lekin byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.
Shu bois, soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mingdan ortiq quruvchi va loyiha tashkilotlarining takliflari olindi. Yig‘ilishda ushbu taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ